Главная » 2017 » Январь » 8 » Telefonda surishtirib kelin olish mumkinmi?
19:42

Telefonda surishtirib kelin olish mumkinmi?


O‘g‘il uylantirish, birovning uyidan qiz olish oson ish emas, mas’uliyatli vazifa. Albatta, qiz avval so‘rab-surishtiriladi, bo‘lajak qudaning oilasi o‘rganiladi. Bu azal-azaldan amal qilib kelayotgan odat. Chunki kelin — oilaning tinchligi, saranjomligi, totuvligi, avlodning sog‘lomligidir. Lekin shu azaliy odat zamonamiz zayli bilan o‘zgardi, ya’ni zamonaviylashdi. Quyida ana shu zamonaviylashgan qiz tanlash jarayoni, ya’ni telefon orqali bo‘lajak kelinni surishtirish haqida gaplashamiz.

Ortiqcha ovoragarchilikka ne xojat?

— O‘g‘limga qiz qidiraverib charchab ketdim. Boshida sovchilikka jon deb borardim. Ammo bir yilda 30 ta qizni ko‘rib, birontasini yoqtirmagach, hafsalam pir bo‘ldi: qizning uy-joyi, onasi, tag-zoti yoqsa, uchrashuvga olib chiqaman derdim. Lekin aynan shunday mening talablarimga mos kelgan qizlarni o‘g‘lim yoqtirmadi. Tushunaman, ko‘ngil jiz etishi kerak, yigit kishiga qizning tashqi ko‘rinishi ham muhim. Shu sababli sovchilikka borish tartibimni o‘zgartirdim: avval telefon qilib qizning tashqi ko‘rinishini, bo‘y-bastini so‘rayman, ma’qul kelsa boraman. Axir, sovchi keladi deb qiz tomon ham besaranjom bo‘ladi, 4 ta non, meva-cheva oladi. Ortiqcha xarajatga chek qo‘yish uchun endi qizning onasi bilan telefonda gaplashadigan bo‘ldim. To‘g‘ri tushunsa tushundi, tushunmasa, o‘zi biladi: unday oiladan men ham qiz olmayman.

Mohira aya

Ilgari ayollar ko‘chama-ko‘cha yurib qiz surishtirishgan, to‘y-hashamlarda qizlarni ko‘rib, bo‘y-basti, jismoniy salomatligini baholashgan, kuyovga mos keladimi-yo‘qmi degan savolga javob izlashgan bo‘lsa, endi texnologiyalar asrida bu ish ancha osonlashdi. Shunday telefon qilib qizning onasidan bo‘yi, yoshi, oq-sariqdan kelgani yoki qormag‘izligini va boshqa jihatlari so‘rab olishadi. Uyma-uy yurishning ham, ma’lum joylarda «qizko‘rar» uyushtirishning ham keragi yo‘q. Shu jihatdan onaxonimiz haq. Faqat bu yangilik hamma qizlarimizning onalariga xush kelayotgani yo‘q. Axir, qizi borning nozi bor-da. Bu usul nafaqat qizni surishtirish, balki onasini ham sinovdan o‘tkazishdir. Qani, bo‘lajak qudasining yaxshi niyatlarini tushunarmikan, u bilan shu masalada fikri bir joydan chiqarmikan? Ko‘pincha o‘zi avval o‘g‘il uylantirgan, sovchilikka yurish tajribasi bor ayollar bu vaziyatga to‘g‘ri baho berishadi va telefon orqali qizlari haqidagi og‘zaki ma’lumotnomani yoddan sharillatib aytib tashlashadi. Bu onaxonimizga shunday ayollar mos keladi, shundaylar bilan quda-andachilikni maromiga yetkazadi. Demak, o‘ziga qulay yo‘ldan boraversin.

Dangasalashib ketmayapmiz?

— Qizlik uy —  bozor, shoh ham keladi, gado ham. Ammo zamonamiz yigitlarining onalari juda dangasa bo‘lib ketishganmi, bilmadim. Sovchilikni telefon orqali amalga oshirib qo‘yaqolishayapti. Tunov kun bittasi qo‘ng‘iroq qilib qizimning bo‘yi va vaznini so‘rayapti. Allaqanday formulaga solib hisoblarmish, koeffisent chiqararmish-da, shu koeffisient uning talabiga mos kelsa, keyin sovchilikka kelarmish. «Men qiz uzatmoqchiman, mol sotmayapman!» dedim. Duch kelgan odamga qizim haqida ma’lumotni ko‘rmay-bilmay telefonda aytib yuboraveramanmi? Niyati yaxshi bo‘lsa, kelib bir piyola choy ustida o‘zimni va qizimni ko‘rib ketmaydimi? Hozir nima ko‘p – mashina ko‘p. Zamon mobillashib ketgan. Bu ketishda to‘yniyam telefon orqali o‘tkazmasak bo‘ldi...  

Nigora opa

Onalar qizlarini kimning qo‘liga topshirayotganlarini bilishni istaydilar, garchi sovchilar avvaldan tanish bo‘lsa ham. Albatta, qo‘ng‘iroq qilib qiz haqida ma’lumot so‘rashning yomon joyi yo‘q. Bunda ikki tomon ortiqcha yugur-yugur va xarajatlardan xalos bo‘ladi. Qizning yoshi, ma’lumoti, bo‘y-basti haqidagi ob’ektiv ma’lumotlar so‘raladi, xolos. Shu tarafdan telefon orqali qiz surishtirishni ma’qul ko‘rayotganlarni tushunsa bo‘ladi. Lekin qaysi ona qizi haqida xolis gapira oladi? Axir, qo‘ng‘iz ham bolasini oppog‘im degan-da... Demak, baribir surishtirganlaringiz to‘liq va to‘g‘ri bo‘lmaydi, o‘z ko‘zingiz bilan ko‘rishga to‘g‘ri keladi. Boshqa tomondan, ayollarimiz qiz tanlashda shu yuzaki suhbatlargagina tayanib qolayotganlari qanchalik to‘g‘ri? Olaylik, qiz ular istagandek oppoqqina emas, sal qoramag‘izdan kelgan. Bu uning xunukligini yoki boshqa biron sabab bilan kuyovbolaga mos emasligini bildiradimi? Telegram orqali rasm so‘rash esa umuman o‘zini oqlamaydigan variant. Kim jigarporasining rasmini tanimagan odamiga berib yuboradi? Ertaga nima maqsadda u rasmdan foydalanishini bilmaydi-ku. Shu sababli telefon orqali qiz surishtirish naqadar qulay bo‘lmasin, samarali va eng ma’qul usul sifatida ko‘rilmaydi. Baribir, onalar qizlarini maqtaydilar yo qizini so‘rab eshikdan kirib kelishni lozim topmagan inson bilan qudachilik qilishni istamaydilar. Xo‘sh, unda nima qilish kerak? Agar qizning tashqi ko‘rinishi muhim bo‘lsa, uni o‘qiydigan yo ishlaydigan joyiga borib zimdan kuzatish mumkin. O‘sha yerdan to‘liq va xolis ma’lumotlarni olsa ham bo‘ladi. Birdaniga uch-to‘rt qizni ko‘rib, o‘g‘lingizning tanlov imkoniyatini kengaytirsangiz ham bo‘ladi. Bir so‘z bilan aytganda, texnologiya naqadar rivojlanmasin, baribir bo‘lajak kelinni bevosita ko‘rishdan a’lorog‘i yo‘q.

Tashqi ko‘rinish borasida esa aynan zamonaviy texnologiyalar yigitlarni va ularning onalarini aldab qo‘yishi mumkin. Hozirgi qizlar piling, konturing va yana allambalo ...inglar vositasida yuzlarining rangini ham, shaklini ham o‘zgartirib olayaptilarki, endi oltinni misdan ajratish oson bo‘lmayapti.

Baxt chiroyda emas!

— Bir dugonam qizi qoramag‘izgina bo‘lgani uchun uzatolmay o‘tiribdi. Sovchilar qo‘ng‘iroq qilib nuqul «Qizingiz oppoqqinami?» deb so‘rasharmish. Nima, oppoq qizlarning shoxi bormi-a, hamma oppog‘ini qidiradi. Nega hech kim aqli, es-hushi, ilmi yo hunari bilan qiziqmaydi? Hammaga husni, bo‘y-basti, boyligi kerak. Keyin kelinim nobop chiqdi deb nolishadi. Axir husniga uchgan, o‘g‘lingizning ko‘zini ochish o‘rniga «Chiroylisi bo‘lsa bo‘ldi» deb kelin qilgan o‘zingiz-ku. Mening 3 ta qizim ham qoramag‘iz, ammo uchovining ham baxti ochilib, tinib-tinchib ketishdi. Ularga «Sen go‘zalsan, o‘sha rangi dokadek oppoq qizlardan kam joying yo‘q, asl go‘zallik ko‘ngilda bo‘ladi, iching chiroyli bo‘lsa, ko‘zlaring yonib turadi» deb o‘rgatganman. Ularni ilmli va chaqqon qilib tarbiyalaganman. Aytishadi-ku, husn to‘yda, ilm kunda kerak deb. Telefon orqali bunday ma’lumotlarni so‘raganlarni esa bama’ni odamlar deb o‘ylamayman. Undan ko‘ra, ana, tanishuv saytlaridan qiz qidiraqolishsin. O‘sha so‘ragan ma’lumotlari qizlarning anketasida turibdi. Asl qizlarni ko‘rib, bilib, gaplashib olish kerak. Shunday qizlar bo‘ladiki, bir qarashda ko‘rimsiz tuyulsa ham, 5 daqiqa gaplashsang, ichingga issiqlik va nur olib kiradi. Istarasi issiq deyishadi-ku. Qanday qilib istarani telefon orqali bilish mumkin?

Zulfiyaxon

Bu gaplarga qo‘shilmay ilojing yo‘q. Afsuski, ayollarimizning qiz tanlashdagi mezonlari noto‘g‘ri va ko‘pincha buzuq bo‘lib chiqayapti. Hammaga dang‘illama uyda yashaydigan chiroyli va boy qiz kerak. O‘qimishli, iboli, o‘zini ko‘z-ko‘z qilmaydigan kamtar qizlar esa uzoq vaqt baxtini topa olmay yuradi. Keyin onalar «Hozirgi qizlar falon, pismadon, ibosi yo‘q, ko‘zingga tik qaraydi» deb nolib yurishadi.  Talabga yarasha taklif-da. Yerga qarab ibo bilan yuradigan, o‘zini ko‘z-ko‘zlamaydigan qizlarni ilg‘ay olasizmi? Zag‘chadek yaltir-yultirga uchmay, qat-qat tuproq tagidagi oltinni topa bilasizmi? Shunday qilmas ekansiz, zamonamiz qizlari uchun ham faqat tashqi ko‘rinish muhim bo‘lib qolaveradi. Sepli emas, epli qizga xaridor bo‘lish kerak. Epli qizni esa na telefonda surishtirib, na dang‘illama hovli-joydan mo‘ljal olib topish mumkin. Yaxshi qizlarni kelin qilish uchun tom ma’noda yaxshi qizlar qanday bo‘lishi kerakligini sovchilarimizning o‘zlari ham bilishlari kerak.

Shahnoza TO‘RAXO‘JAYEVA


Manba: "darakchi.uz"
Категория: Fikr Mulohaza | | Теги: Kelin, kelin olish, Sovchi, Qaynona, Telefonda surishtirib, Nikox | Рейтинг: 0.0/0

Copyright © Tarona.net Media 2014-2024 | Все права защищены | Реклама |
Мы не несём ответственности за содержание. | Права на фильмы принадлежат их авторам. Все фильмы представлены только для ознакомления. |
Администрация не несет ответственности за размещенные пользователями нелегальные материалы! Любой фильм будет удален по требованию правообладателя