Главная » 2016 » Ноябрь » 9 » Kelinim bizni milisiyaga berdi
11:28

Kelinim bizni milisiyaga berdi


— Bundan besh yil avval katta shodiyonalar bilan kelin tushirgandik, kuni kelib, o‘zim tanlagan qiz meni milisiyaga berishi yetti uxlab tushimga ham kirmagan ekan. Kelinim toparmon-tutarmon tikuvchi. Asli qo‘shni tumandan, ishxonasi ham qizlik uyiga yaqin. O‘g‘lim ikkita kollejni tugatgan bo‘lsa ham, yolchitib ishlamadi.

To‘g‘risi, ro‘zg‘orning bir uchini ko‘tarishib yuborar, qo‘lida tayinli kasbi bor, deb o‘zim tanlaganman shu kelinni. O‘zimdan ham o‘tgan-da. Mana endi, erimning oldida tilim qisiq. Xullas, bir necha yil avval, imorat solayotgan paytlarimiz edi, bo‘yoqchilarga to‘satdan pul kerak bo‘lib qoldi. Shoshib kelinga qo‘ng‘iroq qilib so‘rabman. U esa jiyanining to‘yini o‘tkazishi kerakligini aytib, bermadi. Bir haftalardan keyin ishga otlanayotganida, xo‘jayinim “Kelin, bugun bormay qo‘ya qoling, nabiramning diydoriga to‘ymayapman. Sog‘inib qolayapman”, deb aytdi. U bo‘lsa, “Yo‘q, bormasam bo‘lmaydi, buyurtmalarim ko‘p”, deya qaynotasiga “yuzingda ko‘zing bormi” demay gap qaytarib, ketib qoldi. Shu-shu oraga sovuqchilik tushib, uyimiz janjalxonaga aylangan. Oxiri o‘g‘lim bilan kelinim qo‘shni tumandan ijaraga uy olib chiqib ketishdi. Uyimiz bitgach, bolalarimni chaqirdim, birga yashaylik desam, kelinim eri olamdan o‘tgan qizimni bahona qilib biz bilan yashashni istamadi. Ijarada turgan katalakdek uyini falon pulga sotib olmoqchi. Bundan ikki oy avval esa otasi bilan birga “Bizni uydan haydab solishdi” deb, milisiyaga ariza berib kelishibdi. O‘g‘lim ham ikki o‘t orasida qolgan, shu ko‘ngilsizliklarni deb xotini bilan janjallashib, bir aroqxo‘rni mashinasida urib ketibdi. Qulog‘igacha qarzga botib o‘tiribdi. Yaqinda qudamiz kelib g‘alati gap aytib ketdi. Qarangki, yangi solgan uy-joyimizni sotib, ko‘pqavatli uyga borib turishimiz kerak ekan. Kelinim 6 oy davomida nabiralarimni ko‘rsatmadi. O‘g‘lim esa xuddi manqurtga o‘xshaydi. Gap uqtirishga harakat qilsam, “xo‘p, xo‘p” deydi-yu, yana xotinining aytganidan qolmaydi. Nima qilishni bilmay boshim qotib qoldi. Hali ham bo‘lsa kech emas, bosh egib  kelishsa, nabiralarimni bag‘rimga olib, to‘lib-toshib o‘tirishni istamas ekanmanmi? Ularni oilamizga qanday qaytarishni bilmayapman?

Gulsar aya, 60 yosh, Samarqand viloyati. 

Qaynonajon: — Bu hayotiy tashvishlar hammaning boshida bor, ko‘pam ezilavermang. Kelinning ham ko‘nglini topish oson ish emas. Ayniqsa, o‘g‘ilning qo‘lidan tayinli ish kelmasa, bechora onalarning boshi xam bo‘ladi-da. Shuning uchun o‘g‘il bolani hech bo‘lmaganda hunarli qilish shart deymiz-da, o‘rgilay. Yigit kishining xotini oldida tili qisiqligi yaxshi emas. Ammo hayotda shunday ayollar ham borki, turmush og‘irligini yelkasiga olsa ham, oila sirini oshkor etmaydi. Qudalaringizga ham qoyil emasmiz. Sizki bor xaqiqatni tan olayotgan ekansiz, ular ham oilani qo‘llab-quvvatlashsa bo‘lardi. Maslahatim, o‘g‘lingizga nasihat qiling. Erkak kishi oilasini ta’minlash uchun harakat qilishi lozim. Axir bejizga yigitning moli yerda demaydilar. Hozirgi yoshlar mustaqil yashagisi keladi, o‘g‘lingiz oilasi bilan alohida yashashni istasa, qo‘yib bering. Aralashaversangiz, yomon ko‘rinasiz. Ammo uy-joyingizni sotib, ularga berishga majbur emassiz, shuni yodda tuting. Sizga iroda va sog‘lik tilab qolamiz.  

Shahnoza Xalilova, ruhshunos: — Bo‘layotgan voqealarda o‘g‘lingizning so‘zini eshitmayapman, o‘rnini ko‘rmayapman. Nazarimda, vaziyatning bu qadar chigallashib ketishiga ham aynan uning beqarorligi sabab. Agar u qattiq turib, aniq qarorini aytganida, so‘zlarini muhokama qilishga hech kimning haddi sig‘masdi. Tushunishimcha, avval boshdan farzandingizni haddan ortiq himoyangizga olib, erkalatib yuborgansiz. Vaqt o‘tishi bilan xuddi shu munosabatni xotinidan topgan. Endi o‘g‘lingizga nisbatan munosabatingizni o‘zgartiring. Unga bir oilaning boshi sifatida muomala qiling. Aslida ro‘zg‘or tebratish ayol kishining vazifasiga kirmaydi, shunga qaramay, keliningiz bu ishni bo‘yniga olgan ekan, bundan faqat xursand bo‘lish kerak, menimcha. Agar ular alohida yashashni istashsa, qarshilik qilmang. Barini vaqtning hukmiga tashlaganingiz ma’qul.

Saodat OChILOVA yozib oldi.


Manba: "darakchi.uz"
Категория: Mutoala sahifa | | Теги: Qaynona, Kelin, sud | Рейтинг: 0.0/0

Copyright © Tarona.net Media 2014-2024 | Все права защищены | Реклама |
Мы не несём ответственности за содержание. | Права на фильмы принадлежат их авторам. Все фильмы представлены только для ознакомления. |
Администрация не несет ответственности за размещенные пользователями нелегальные материалы! Любой фильм будет удален по требованию правообладателя