Главная » 2022 » Август » 16 » Gulnora Karimovaning aktivlarini qaytarish bo‘yicha O‘zbekiston-Shveysariya bitimi imzolandi
17:32

Gulnora Karimovaning aktivlarini qaytarish bo‘yicha O‘zbekiston-Shveysariya bitimi imzolandi


Bugun, 16 avgust kuni Bern shahrida O‘zbekiston va Shveysariya o‘rtasida “O‘zbekiston Respublikasi va Shveysariya Konfederatsiyasi o‘rtasidagi Shveysariya Konfederatsiyasi hududida konfiskatsiya qilingan noqonuniy orttirilgan aktivlarni O‘zbekiston Respublikasi aholisining manfaatlarida qaytarish yo‘llari to‘g‘risida”gi bitim imzolandi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.

Bitimni O‘zbekiston Respublikasi nomidan adliya vaziri Ruslanbek Davletov va Shveysariya nomidan ushbu mamlakatning Prezidenti Inyasio Kassis imzoladi.

Bitimni imzolash marosimida, shuningdek BMT vakillari, xususan BMTning Ko‘p-sheriklik trast jamg‘armasi ofisi ijrochi koordinatori J. Topping ishtirok etdi.

Bitimning imzolanishi ilgari O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimovning to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimova boshchiligidagi uyushgan jinoiy guruh tomonidan noqonuniy ravishda orttirilgan va Shveysariyada legallashtirilgan 131 mln AQSH dollarining Shveysariya tomonidan O‘zbekiston xalqiga darhol qaytarilishini anglatadi.

Bitim noqonuniy orrtirilgan taqriban 131 mln AQSH dollariga (taqriban 1,4 trln so‘m) teng aktivlarni O‘zbekistonga qaytarishni, noqonuniy orttirilgan aktivlarni qaytarishning asosiy prinsiplari, mexanizm va maqsadlarini belgilaydi.

Bitimga muvofiq, noqonuniy orttirilgan aktivlarni qaytarishning quyidagi asosiy prinsiplari belgilanmoqda:

•    ochiqlik va oshkoralik, restitutsiya to‘g‘risidagi axborotni jamoatchilikka ochiq eʼlon qilish;

•    ushbu jarayonda fuqarolik jamiyatining ishtiroki;

•    qaytarilgan mablag‘larni pirovardida ijtimoiy sohaga, xususan, taʼlim va sog‘liqni saqlash sohalariga yo‘naltirilishi;

•    O‘zbekiston va Shveysariya o‘rtasida restitutsiya masalalari bo‘yicha doimiy, samarali va o‘zaro hurmatga asoslangan muloqotning davom ettirilishi.

O‘zbekiston, Shveysariya va BMT ishtirokidagi uch tomonlama restitutsiya mexanizmiga alohida eʼtibor beriladi. Restitutsiya BMTning Ko‘p-sheriklik trast jamg‘armalari tizimiga kiruvchi “Uzbekistan Vision 2030” ko‘p-sheriklik trast jamg‘armasi orqali amalga oshiriladi.

Jamg‘arma tegishli funksiya va vakolatlarga ega bo‘lgan quyidagi maʼmuriy-tashkiliy tuzilmaga ega:

Yuqori darajadagi strategik qo‘mita (O‘zbekiston va Shveysariyadan bir nafardan yuqori martabali vakil) – jamg‘arma faoliyati bo‘yicha strategik qarorlar qabul qiladi.

Boshqaruv qo‘mitasi (O‘zbekiston, Shveysariya va BMTdan bir nafardan vakil) – jamg‘armaning operatsion faoliyati, shu jumladan loyihalarni ko‘rib chiqish va tasdiqlash bo‘yicha to‘liq konsensus asosida qarorlar qabul qiladi.

Bundan tashqari, tashkiliy tuzilma tarkibiga jamg‘arma faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshiruvchi va o‘z faoliyatini jamoatchilik asosida va ish haqisiz amalga oshiradigan O‘zbekiston va Shveysariya fuqarolik jamiyati vakillaridan hamda xalqaro nohukumat tashkilotlaridan iborat Fuqarolik jamiyati maslahat kengashi ham kiradi.

Boshqaruv qo‘mitasi tomonidan tasdiqlangan loyihalar BMTning O‘zbekistondagi tegishli idoralari tomonidan O‘zbekiston tomoni bilan birgalikda amalga oshiriladi.

Amalga oshirilgan va amalga oshirilayotgan loyihalar haqidagi barcha maʼlumotlar ochiq eʼlon qilinadi va keng jamoatchilikka taqdim etiladi.

“Bunday tizim korrupsiya va boshqa xavflarni minimallashtiradi, shuningdek mablag‘larni sarflashda shaffoflik va hisobdorlikni taʼminlaydi”, deyiladi vazirlik xabarida.

Avvalroq Gulnora Karimova Shveysariya sudida korrupsiya jinoyati bo‘yicha yutib chiqqani va shu orqali mamlakat banklarida muzlatilgan 293 mln frank (303 mln dollar) ni qaytarishi mumkinligi haqida xabar berilgandi.

So‘nggi maʼlumotlarga ko‘ra, Gulnora Karimova Toshkent viloyati Zangiota tumanida joylashgan 21-sonli jazoni o‘tash koloniyasida saqlanmoqda. U koloniyaga 2019 yilning 14 mart kuni olib kelingan va 7-otryadning 2-sektoriga (umumiy rejimdagi) joylashtirilgan.

2020 yilning 18 mart kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudida Gulnora Karimova va u tomonidan tashkil etilgan jinoiy uyushma aʼzolariga nisbatan jinoyat ishini ko‘rib chiqish bo‘yicha sud jarayoni nihoyasiga yetdi va sud hukmi eʼlon qilindi. 

O‘tkazilgan yopiq sud majlisida sudlanuvchilar, guvohlar, jabrlanuvchilar ko‘rsatmalari tinglandi, dalillar tekshirildi va sudlanuvchilar himoyachilarining vajlari muhokama qilindi.

Sud jinoyat ishi materiallarini har tomonlama va to‘liq o‘rganib, sudlanuvchi Gulnora Karimovani jinoiy uyushma tashkil etish, tovlamachilik, o‘zlashtirish va rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish, jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish va boshqa jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topdi.

Sud hukmi bilan Gulnora Karimovaga 13 yil 4 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Jinoyat qonunchiligi normalariga muvofiq hamda bir necha jinoyat va hukmlar majmui bo‘yicha jazo tayinlanganligini inobatga olgan holda jazo muddatini 2015 yil 21 avgustdan boshlab hisoblash belgilandi.

Manba: "qalampir.uz"
Категория: Mahalliy Habarlar | | Теги: bitimi, aktivlarini, bo‘yicha, imzolandi, qaytarish, karimovaning, Gulnora, O‘zbekiston, Shveysariya | Рейтинг: 0.0/0

Copyright © Tarona.net Media 2014-2024 | Все права защищены | Реклама |
Мы не несём ответственности за содержание. | Права на фильмы принадлежат их авторам. Все фильмы представлены только для ознакомления. |
Администрация не несет ответственности за размещенные пользователями нелегальные материалы! Любой фильм будет удален по требованию правообладателя