Главная » 2022 » Сентябрь » 13 » Gulnora Karimovaning qaysi davlatda qancha mulki bor?
14:30

Gulnora Karimovaning qaysi davlatda qancha mulki bor?


O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimovning to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimova va uning boshchiligidagi uyushgan jinoiy guruh aʼzolarining Fransiya, Belgiya, Buyuk Britaniya, Latviya va Rossiya kabi davlatlarda mulklari bo‘lgan. Bu haqda Adliya vazirli tomonidan o‘tkazilgan brifingda aytib o‘tildi.

Qayd etilishicha, Gulnora Karimova va u boshchiligidagi uyushgan guruhning boshqa xorijiy davlatlardan ham jinoiy aktivlarini qaytarish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda.

Maʼlum qilinishicha, quyidagi davlatlarda Gulnora Karimova va uning sheriklari aktivlarga ega bo‘lgan:

Fransiya. Fransiya Respublikasidan 2020 va 2021 yillarda taqriban jinoiy uyushgan guruh aʼzolariga tegishli ko‘chmas mulklarni (Parij shahri yaqinidagi 2 ta qasr) sotilishi natijasida 20 million AQSH dollariga teng pul mablag‘lari O‘zbekistonga qaytarilgan.

Belgiya Qirolligi. Belgiya Qirolligida ham jinoiy uyushgan guruhga tegishli bo‘lgan aktivlar joylashgan. Ularni qaytarish maqsadida, O‘zbekiston Respublikasi mutasaddi tashkilotlari hamda Belgiya huquqni muhofaza qiluvchi organlari o‘rtasida hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan.

Taʼkidlanishicha, Belgiyada tergov jarayoni tugamagani sababli (tergov siri), ushbu aktivlar haqida ko‘p maʼlumot oshkor qilish imkoniyati mavjud emas.

Buyuk Britaniya. Buyuk Britaniyada Gulnora Karimova va uning sheriklariga tegishli bo‘lgan umumiy qiymati 10 million funt sterling miqdoridagi mablag‘lar va 3 ta ko‘chmas mulkning taqdiri Londonning Oliy sudida ko‘rib chiqilyapti.

Latviya Respublikasi. Latviya Respublikasida ham bir talay aktivlar mavjud. Latviya sud organlari tomonidan 2018 yil O‘zbekiston Respublikasida chiqarilgan hukmlar (Latviyada joylashgan aktivlarni O‘zbekiston daromadiga musodara qilish haqida) tan olingan. 

Aktivlar 15 million AQSH dollariga teng mablag‘lar, 850 unsiyaga (26 kg.) teng oltin sertifikatlari hamda Riga shahrida joylashgan madaniy-ko‘ngilochar majmuadan tashkil topgan.

“Biroq, afsuski, bu boradagi barcha ishlar ham osonlikcha amalga oshayotganligi yo‘q. Masalan, Latviyadagi yuqoridagi aktivlarni qaytarishda murakkabliklar yuzaga kelmoqda. Shunga qaramay, ushbu davlatdagi aktivlarni qaytarish bo‘yicha ishlar qatʼiy izchillik bilan davom ettirilmoqda”, deydi Adliya vazirligi xabarida.

Rossiya Federatsiyasi. 2021 yil noyabr oyida Moskva shahrida joylashgan aktivlarni (6 ta xonadon) O‘zbekiston daromadiga o‘tkazilishi haqida Moskva shahar sudining qarori chiqarilgan.

Hozirgi paytda, ushbu ko‘chmas mulk obʼektlarini Rossiya sud ijrochilari tomonidan sotish jarayoni davom etmoqda. Sotish natijasida kelib tushgan pul mablag‘lari O‘zbekiston va Rossiya foydasiga teng ulushlarda bo‘linishi Moskva shahar sudining qarorida o‘z aksini topgan.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 16 avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi va Shveysariya Konfederatsiyasi o‘rtasida “Shveysariya Konfederatsiyasi hududida konfiskatsiya qilingan noqonuniy orttirilgan aktivlarni O‘zbekiston Respublikasi aholisining manfaatlarida qaytarish yo‘llari to‘g‘risida”gi bitim imzolandi.

Mazkur bitim noqonuniy orttirilgan taqriban 131 mln AQSH dollariga teng aktivlarni O‘zbekistonga qaytarishni, qaytarishning asosiy prinsiplari, mexanizm va maqsadlarini belgilaydi.

Xususan, mablag‘larni qaytarish Birlashgan millatlar Tashkilotining “Uzbekistan Vision 2030 Fondi” deb nomlangan ko‘p sheriklik trast jamg‘armasi orqali amalga oshiriladi.

So‘nggi maʼlumotlarga ko‘ra, Gulnora Karimova Toshkent viloyati Zangiota tumanida joylashgan 21-sonli jazoni o‘tash koloniyasida saqlanmoqda. U koloniyaga 2019 yilning 14 mart kuni olib kelingan va 7-otryadning 2-sektoriga (umumiy rejimdagi) joylashtirilgan.

2020 yilning 18 mart kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudida Gulnora Karimova va u tomonidan tashkil etilgan jinoiy uyushma aʼzolariga nisbatan jinoyat ishini ko‘rib chiqish bo‘yicha sud jarayoni nihoyasiga yetdi va sud hukmi eʼlon qilindi. 

O‘tkazilgan yopiq sud majlisida sudlanuvchilar, guvohlar, jabrlanuvchilar ko‘rsatmalari tinglandi, dalillar tekshirildi va sudlanuvchilar himoyachilarining vajlari muhokama qilindi.

Sud jinoyat ishi materiallarini har tomonlama va to‘liq o‘rganib, sudlanuvchi Gulnora Karimovani jinoiy uyushma tashkil etish, tovlamachilik, o‘zlashtirish va rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish, jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish va boshqa jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topdi.

Sud hukmi bilan Gulnora Karimovaga 13 yil 4 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Jinoyat qonunchiligi normalariga muvofiq hamda bir necha jinoyat va hukmlar majmui bo‘yicha jazo tayinlanganligini inobatga olgan holda jazo muddatini 2015 yil 21 avgustdan boshlab hisoblash belgilandi.

Eslatib o‘tamiz, Gulnora Karimova joriy yilning 8 iyul kuni 50 yoshni qarshiladi. Uning o‘g‘li Islom Karimov Londonda istiqomat qilmoqda. U uylangan, bir nafar farzandi bor. Qizi Imon Karimova ham Londonda o‘qishni davom ettirmoqda va u baʼzan O‘zbekistonga kelib turadi. Imon Karimova buvisi Tatyana Akbarovna Karimova va xolasining qizi Maryam Tillyaeva bilan uzilib ketgan munosabatlarni tiklagan. 

Karimovlar oilasining kenja qizi Lola Karimova-Tillyaeva Islom Karimov vafotidan keyin O‘zbekistonni tark etgan.  U AQShdan turib Islom Karimov nomidagi Respublika jamoat fondini yuritmoqda. Shuningdek, “The harmonist” attorlik mollari brendiga ham asos solgan. Birinchi Prezidentning bevasi Tatyana Karimova esa Toshkentda yolg‘iz istiqomat qilmoqda. U 26 avgust kuni 74 yoshni qarshilaydi. 

Manba: "qalampir.uz"
Категория: Fikr Mulohaza | | Теги: karimovaning, Gulnora, davlatda, qancha, mulki, Qaysi, bor? | Рейтинг: 0.0/0

Copyright © Tarona.net Media 2014-2024 | Все права защищены | Реклама |
Мы не несём ответственности за содержание. | Права на фильмы принадлежат их авторам. Все фильмы представлены только для ознакомления. |
Администрация не несет ответственности за размещенные пользователями нелегальные материалы! Любой фильм будет удален по требованию правообладателя