17:36 Sahnada yana Buxoro prokuraturasi! Bu safar sobiq tergovchi Prezidentga murojaat yo‘lladi | |
Buxoro viloyati prokuratura xodimlari o‘rtasida videomurojaat yo‘llash bo‘yicha estafeta tayoqchasi boshqa bir ishtirokchiga o‘tganga o‘xshaydi. Bundan avvalroq jamoatchilik va ijtimoiy tarmoqlarni “portlatgan” Buxoro shahar prokurori Jasur Fozilovning Prezident Shavkat Mirziyoyev va Prezident Administratsiyasi Zaynilobiddin Nizomiddinovga yo‘llagan murojaati xalqning yodidan ko‘tarilib ulgarmasidan, ijtimoiy tarmoqlarda Buxoro viloyati prokuraturasi sobiq xodimi O‘tkir Sohibovning O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev, Bosh prokuror Nig‘matilla Yo‘ldoshev va Oliy sud raisi Kozimjon Komilovga yo‘llagan videomurojaati tarqaldi. Unda prokuratura sobiq tergovchisi asossiz ravishda jinoiy javobgarlikka tortilgani haqida gapirgan.
O‘tkir Sohibovning ta’kidlashicha, u O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi Tursinxon Xudoyberganovning qabuliga kirganidan so‘ng, unga nisbatan o‘tkazilgan xizmat tekshiruvini prokuratura tergov organi qayta tekshirib ko‘rib, 2018 yil 15 mart kuni sobiq tergovchining harakatlarida jinoyat alomatlari yo‘q, degan xulosaga kelgan va JPKning 83-moddasi 2-bandiga asosan, qaror chiqargan. Sohibov ushbu qaror bilan 2019 yil 2 aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurorining Buxoro viloyatida o‘tkazilgan sayyor qabuliga borgan. Qabulda o‘zini nohaq ishdan bo‘shatishganini aytib, qayta ishga olishlarini so‘ragan. Shundan so‘ng 2019 yil iyun oyida hech bir sababsiz, dalil-isbotsiz Jinoyat kodeksining 139, 237, 240 va 238-moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, unga ayb e’lon qilingan. 2019 yiling 20 iyun kuni unga nisbatan qamoqqa olish ehtiyot chorasi belgilangan. Videomurojaat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Bosh Prokuraturasi rasmiy bayonot berdi. Bosh prokuraturaga ko‘ra, O‘tkir Sohibovga nisbatan bo‘lgan jinoyat ishi yuzasidan Samarqand viloyati prokuraturasi tomonidan tergov harakatlari olib borilib, joriy yilning 15 fevralida Jinoyat kodeksining 139 (Tuhmat) va boshqa moddalari bilan ayb e’lon qilingan hamda jinoyat ishi joriy yilning 29 fevralida ayblov xulosasi bilan sudga yuborilgan. Jinoyat ishlari bo‘yicha Qorovulbozor tumani sudining 2020 yil 28 avgustdagi hukmiga ko‘ra, sudlanuvchi O‘tkir Sohibov JKning 139-moddasi (Tuhmat) 3-qismi “a”,“g” bandlari va 240-moddasi (Jinoyat protsessini yuritish qatnashchilarining o‘z zimmasidagi vazifani bajarishdan bo‘yin tovlashi) bilan aybdor deb topilib, JKning 64-moddasi (Javobgarlikka tortish muddatining o‘tib ketganligi munosabati bilan jinoyat uchun javobgarlikdan ozod qilish)ga asosan javobgarlikdan ozod qilingan. Sud hukmiga ko‘ra, O‘tkir Sohibov Buxoro viloyat prokuraturasi iqtisodiy jinoyatchilik va korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘limi alohida muhim ishlari bo‘yicha katta tergovchisi lavozimida ishlab kelib, 2004 yil 1 noyabrda o‘z arizasiga asosan egallab turgan lavozimidan ozod qilinib, prokuratura organlaridan bo‘shatilgan. “U o‘zining ishdan bo‘shatilishiga Buxoro viloyati sobiq prokurori hamda viloyat prokuraturasining boshqa mas’ul xodimlarini aybdor deb hisoblab, bila turib ularni sharmanda qiladigan uydirmalar tarqatib, xodimlarni 2004 yilda bir qator og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyatlar sodir etganlikda ayblab tuhmat qilib, 2009 yilning yanvar oyidan noyabr oyiga qadar yuqori turuvchi davlat organlariga arizalar bilan murojaat qilib kelgan”, deyiladi Bosh prokuratura bayonotida. Bosh prokuraturaga ko‘ra, O‘tkir Sohibov 2010 yil mart oyida Toshkent shahar prokuraturasining ish yurituvida bo‘lgan jinoyat ishi bo‘yicha tergov harakatlarini o‘tkazish uchun taklif qilinib, ko‘rsatuv berishdan bosh tortgan taqdirda JKning 240-moddasi bilan javobgarlikka tortilishi mumkinligi haqida ogohlantirilgan bo‘lsada, JPKning 66-moddasida belgilangan majburiyatlarini bajarmasdan, ko‘rsatuv berishdan bo‘yin tovlagan. O‘tkir Sohibovning sud hukmidan norozi bo‘lib bergan apellyatsiya shikoyatiga asosan, jinoyat ishi joriy yilning 13 oktyabrida jinoyat ishlari bo‘yicha Buxoro viloyat sudining apellyatsiya instansiyasida ko‘rishga tayinlangan. Sobiq tergovchi advokatining joriy yil 30 noyabrdagi qo‘shimcha hujjatlar to‘plash va taqdim etish haqidagi iltimosnomasiga asosan jinoyat ishini ko‘rish noma’lum muddatga qoldirilgan. Eslatib o‘tamiz, avvalroq Buxoro shahar prokurori Jasur Fozilovning O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga yo‘llagan videomurojaati tarqalgandi. Shundan so‘ng, ushbu holat bo‘yicha Jasur Fozilovga nisbatan xizmat tekshiruvi tayinlanib, tekshiruvning xolisona va adolatli o‘tkazilishini ta’minlash, ish holatlariga to‘liq oydinlik kiritish, har qanday aralashuv va ta’sirlarning oldini olish maqsadida u joriy yilning 2 dekabr kuni xizmat vazifalarini bajarishdan vaqtincha ozod qilindi. Keyinchalik Buxoro prokurorining Prezidentga murojaati bo‘yicha Respublika idoralararo komissiyasi tuzildi. Bir necha kun oldin Fozilovning o‘z lavozimiga qaytgani ma’lum bo‘ldi. Ijtimoiy tarmoqlarda esa uning yana bir videomurojaati tarqaldi. Unda prokuror Respublika idoralararo komissiyasi o‘tkazgan tekshiruvi natijasidan rozi ekanini aytgan. Jasur Fozilov o‘ziga nisbatan o‘tkazilgan xizmat tekshiruvi yakuniga ko‘ra, hayfsan oldi.
Manba: "qalampir.uz"
| |
|