Главная » 2016 » Декабрь » 6 » Zamonamiz alplari qanday bo‘lishi kerak?
10:39

Zamonamiz alplari qanday bo‘lishi kerak?


Faraz qiling, o‘g‘lingiz ko‘chadan mushtlashib qaytdi. Buni bilgach, darrov hayolingizdan “lat yemadimikan, birovning bolasiga shikast yetkazmadimikan?” degan savollar o‘tadi. Bolamizni sho‘xligi uchun urishamiz, balki, biror kun gaplashmay ham qo‘yarmiz, lekin ichimizda «O‘g‘il bola-da», deymiz. Bordi-yu, ushbu holat qiz bola bilan yuz bersa-chi? Qay ahvolga tushasiz? Yuragingizni vahima egallaydi. “Qizingiz haqida odamlarda yomon tasavvur paydo bo‘lmadimi? Ertaga sovchiga yomonlab qo‘yishmasmikan?..”

 

Ha, biz ko‘pincha qizlarning tarbiyasiga jiddiy ahamiyat beramiz-u, o‘g‘il bolani tabiatan jizzaki, qiziqqon bo‘ladi, deb hisoblab, noxush holatlarda ham xotirjamlikka berilamiz. Qizimizning bo‘yi yetib, turmushga chiqadigan bo‘lganida, unga munosib kuyov, es-hushli yigit topilarmikin, degan o‘yga boramiz. Adashib, aldanib qolmaslik uchun qizning o‘zidan ham, oilasidan ham zukkolik talab etiladi.

 

«G‘oyibona sevib qoldim»

Qadimiy xalq doston va rivoyatlarida yigit qizni yoki aksincha qiz yigitni ilk bor tushida ko‘rib, xayolan tasavvur qilib, g‘oyibona sevib qolgani, so‘ng uchrashib, muhabbatlari kuchaygani kabi voqeliklar ko‘p tilga olinardi. Bugungi yoshlar uchun ham ko‘rmay turib sevib qolish xayratlanarli xodisa emas. Internet yoki telefon orqali virtual muloqotga kirishib, bir-birlariga bog‘lanib qolishadi. Fotosuratini ko‘rgan qizlar yigit haqida tasavvurlarini boyitadilar, go‘yo. Lekin hozirgi texnologiyalar rivojlangan davrda suratni aslidan o‘zgartirish aslo qiyinchilik tug‘dirmaydi. Real uchrashuvda esa asl haqiqat yuzaga chiqib, ikki tomon yo aloqalarini uzadilar, yo yana muloqotni davom ettiradilar. Yanada yaqinlashib ketishlari ham mumkin, albatta. Balki tobora ommalashib borayotgan internet orqali tanishuv va uchrashuvlarning yomon tomoni yo‘qdir, ammo qizlarga maslahatimiz: g‘oyibona sevib qolishga shoshilmang. Har qanday insonning suvrat va siyratini o‘rganmay turib, u bilan jiddiy munosabatlarga kirishmagan ma’qul.

 

Alp soxta bo‘lib chiqsa-chi?

Har bir qiz tasavvurida “oq otli shahzoda”, “kenja botir”, xullas, oqko‘ngil va xaloskorligi barobarida, kelishgan va zabardast yigit timsoli bo‘ladi. Uni hayotda uchratganida, “Orzu qilgan baxtimni topdim”, deya quvonchdan sarmast yashaydi. Ma’lum bir muddat o‘tgach, yigitdan ko‘ngli to‘lmayotgani, unda orzusiga zid xususiyatlar borligini payqab qoladi. Shunda extiros va vaqtiga achinadi. “Idealimdagi shaxs xayotda mavjud emas ekan”, deya xulosa chiqarib, qayta baxtini topishdan umidini uzib qo‘yadi. Qizlarjon, yaltirab ko‘ringan hamma narsa ham oltin bo‘lavermaydi. Zamonamizda shaxzodalar ham, “kenja botir”lar ham bor, ammo ularni ajratib olish qiyin. Ularning soxtasiga ilakishganingiz sari xaqiqiysini nazardan chetda qoldiraverasiz.

Hushyor bo‘ling:

·         Risoladagidek yigit ust-boshining qimmatbaholigi va moda talablariga javob berishiga emas, saranjom-sarishta va o‘ziga yarashganlik darajasiga e’tibor beradi. Har kuni har xil kiyimda tovlanib yurish o‘g‘il bolaga xos emas.

·         Gap-so‘zida samimiylik bo‘lsin. “Siz uchun hamma narsaga tayyorman”, “Istasangiz, osmondagi oyni olib beraman”, “Poyingizga bosh urib, kechirim so‘rayman” kabi va’dalarni ko‘p ishlatadiganlarning asiriga aylanmang. Sizga bo‘lgan muhabbat va hurmatini isbotlab berish uchun jimjimador so‘zlar shart emas.

·         Didingizga mos narsani sovg‘a qilgan yigit, bilingki, bu borada tajribaga ega. Qiz bolaga birinchi marta gul tutayotgani yo‘q.

·         Muqim ishga ega yoki o‘qimishli erkak kunda uchrashuvlar uchun vaqt topolmaydi.

·         Arzimagan sabab bilan bahslashib, uzoq vaqt arazda yurgan yigit mag‘rur va e’tibortalabdir.

·         Munosabati jiddiy bo‘lgan oshiq yigit turmush qurishni taklif qiladi va to‘y harakatini boshlaydi.

Durdona ALIMOVA


Manba: "darakchi.uz"
Категория: Fikr Mulohaza | | Теги: Zamonamiz alplari | Рейтинг: 0.0/0

MAVZUGA OID MA'LUMOTLAR

Copyright © Tarona.net Media 2014-2024 | Все права защищены | Реклама |
Мы не несём ответственности за содержание. | Права на фильмы принадлежат их авторам. Все фильмы представлены только для ознакомления. |
Администрация не несет ответственности за размещенные пользователями нелегальные материалы! Любой фильм будет удален по требованию правообладателя