Главная » 2018 » Май » 27 » Xususiy bolalar bog‘chasi ochish uchun davlat qancha kredit beradi?
08:43

Xususiy bolalar bog‘chasi ochish uchun davlat qancha kredit beradi?


Prezidentning “Maktabgacha ta’lim tizimini yanada rag‘batlantirish va rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori e’lon qilinganidan keyin davlat-xususiy sheriklik asosida xususiy bolalar bog‘chalari ochish uchun qator imtiyozlar berilishi boshlandi.

Imtiyozlardan qanday foydalanish va ishni nimadan boshlash, bog‘cha faoliyatini yo‘lga qo‘yishgacha bo‘lgan bosqichlardan qanday o‘tish va davlat qanday yordam berishi to‘g‘risida “Norma” ma’lum qildi.

Davlat qanday yordam beradi?


• Davlat byudjetidan xarajatlarning bir qismini qoplash uchun mablag‘ ajratiladi. Biroq ushbu mablag‘ bir tarbiyalanuvchiga ketadigan xarajatlarning 50 foizidan ko‘p bo‘lmasligi zarur.

• Kelishuv “moddiy-texnik va moliyaviy ta’minlash” sharti bilan tuzilgan bo‘lsa, rahbarlar va mutaxassislarga oylik ish haqi to‘lash bo‘yicha qo‘shimcha mablag‘larni davlat byudjetidan olish mumkin bo‘ladi.

• Tijorat banklari bolalar bog‘chalarini ochish uchun qishloq joylarda namunali uylarni, ko‘p xonadonli uylarning birinchi va ikkinchi qavatlaridan kvartiralarni sotib olish uchun imtiyozli kreditlar taqdim etadi. Foiz stavkasi — yillik 1 foiz, muddati — 15 yil, shuningdek, 3 yillik imtiyozli davr beriladi.

• Inshootlarni ta’mirlash, o‘quv anjomlarini xarid qilish uchun ham imtiyozli kreditlarni olish mumkin.

• Davlat tomonidan sherik bo‘lgan tashkilot kreditlarni olishga ko‘maklashishi darkor.

• Soliq imtiyozlaridan tashqari belgilangan tartibda tasdiqlangan ro‘yxatlar bo‘yicha Respublikaga olib kelinadigan uskunalar, jihozlar, o‘quv qo‘llanmalari uchun bojxona imtiyozlari taqdim etiladi.

Yana nimalar qilinishi kerak?


Bolalar bog‘chasi barpo etish uchun mos keladigan bino yoki yer uchastkasini topish zarur. Masalan, Toshkent viloyati hokimligi xususiy bolalar bog‘chalari barpo etish uchun “nol” xarid qiymatida binolarni sotishni boshlab yuborgan.

Bo‘lg‘usi bolalar bog‘chasining loyihasi bo‘lishi ham zarur shartlardan biri sanaladi.
Nomzod loyiha summasining 25 foizidan kam bo‘lmagan miqdorda sof aktivlarga ega bo‘lishi yoki xuddi shuncha summaga uchinchi shaxsning kafolatini taqdim etishi zarur. Bu bilan u o‘zining moliyaviy jihatdan layoqatli ekanini tasdiqlagan bo‘ladi.

Yaqin kunlarda davlat-xususiy sheriklik asosida Respublika bo‘ylab 3 000 dan ortiq nodavlat MTM qurilishi va yuzlab bolalar bog‘chalari rekonstruksiya qilinishi ko‘zlangan.

Qolaversa, nomzodning soliqlar, yig‘imlar va boshqa majburiy to‘lovlardan qarzdorligi bo‘lmasligi zarur. Buni tasdiqlovchi hujjat ariza yoziladigan kundan bir oydan ko‘p bo‘lmagan muddat ichida olingan bo‘lishi darkor. Korxonasi bankrotlik, tugatilish bosqichida bo‘lgan nomzodlar, mol-mulki xatlangan shaxslarning arizasi ko‘rib chiqilmaydi.

Ariza bilan Maktabgacha ta’lim vazirligining hududiy bo‘linmasiga murojaat etiladi.

Arizada, shuningdek:

• yuridik shaxslar uchun – xususiy hamkorning nomi va joylashgan joyi; jismoniy shaxslar uchun – shaxsiy ma’lumotlar va yashash joyi;

• loyihani amalga oshirish maqsadi;

• loyiha joylashadigan ob’ekt yoki yer uchastkasi haqidagi ma’lumotlar aks ettiriladi.

Arizani ko‘rib chiqish uchun EKIHning 1 baravari miqdorida yig‘im undiriladi.

Ariza Maktabgacha ta’lim vazirligi va viloyat yoki shahar hokimligi, Davlat raqobatni rivojlantirish qo‘mitasi bilan hamkorlikda ko‘rib chiqiladi. Ijobiy yoki salbiy javob 10 kun ichida berilishi lozim. Agar arizada kamchiliklar bo‘lsa, “Maktabgacha ta’lim sohasida davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risidagi nizom” talablariga javob bermasa, u tegishli qaydnoma bilan egasiga qaytariladi.

Unda aniqlangan kamchiliklar to‘liq ko‘rsatilishi va xususiy sherik kamchiliklarni bartaraf etib, so‘ngra arizani qayta topshirishi mumkin bo‘lgan muddat ko‘rsatilishi kerak. Ammo bu muddat 10 ish kunidan kam bo‘lgan muddatni tashkil etishi mumkin emas. Arizani qayta ko‘rish uchun yig‘im undirilmaydi. Qayta topshirilgan ariza 10 kun ichida ko‘rib chiqiladi.

Arizaga ijobiy javob olingan taqdirda xususiy sherik maktabgacha ta’lim muassasasiga ijtimoiy himoyaga muhtoj bo‘lgan oilalar farzandlarini qabul qilish va ular uchun imtiyozli ota-otalar to‘lovini (mazkur joyda davlat ta’lim muassasalarida belgilangan qiymatdan yuqori bo‘lmagan) joriy etish majburiyatini o‘z zimmasiga olishi zarur:

• agar kelishuv tugaganidan keyin mol-mulk davlat ixtiyoriga o‘tadigan bo‘lsa, undagi — 15% tarbiyalanuvchi imtiyozli asosida qabul qilinadi.

• konsessiya egasi uchun — 20%;

• agar DXShning kelishuvi predmeti xususiy sherikning mulki negizida bolalar bog‘chasini moddiy-texnik va moliyaviy ta’minlash bo‘lsa— 35%.

• qishloq joylardagi oilaviy MTM — 70%.

Bundan tashqari, xususiy sherik davlat bolalar bog‘chasi ustidan homiylikni o‘z zimmasiga olishi, qurish, rekonstruksiya qilish, kapital ta’mirlash va jihozlash bo‘yicha ishlarni amalga oshirishi mumkin. Ammo 30 yildan kam bo‘lmagan muddatga.

Aytish joizki, soliq va bojxona imtiyozlari maktabgacha ta’lim sohasida xizmatlar ko‘rsatishdan olgan sof tushumi umumiy sotish hajmida hisobot davri yakuniga ko‘ra 80 foizdan kam bo‘lmagan bolalar bog‘chalariga nisbatan qo‘llaniladi.

Durdona G‘aybullayeva


Manba: "qalampir.uz"
Категория: Mahalliy Habarlar | | Теги: qancha, uchun, Xususiy, ochish, kredit, davlat, bolalar bog‘chasi, beradi | Рейтинг: 0.0/0

Copyright © Tarona.net Media 2014-2024 | Все права защищены | Реклама |
Мы не несём ответственности за содержание. | Права на фильмы принадлежат их авторам. Все фильмы представлены только для ознакомления. |
Администрация не несет ответственности за размещенные пользователями нелегальные материалы! Любой фильм будет удален по требованию правообладателя