Главная » 2016 » Ноябрь » 2 » Xiyonat sabab parokanda bo‘lgan oila
15:05

Xiyonat sabab parokanda bo‘lgan oila


Ushbu muxlisamizning boshidan kechirganlari ko‘pchilikka saboq bo‘lishi mumkin. Kimlar uchundir hayotini yo‘lga qo‘yishda, qadamidan toymaslikda asqotar. Mushtariylarga foydam tegsa xursand bo‘laman, deb murojaat qilgan voqeamiz qahramoni o‘z ismini sir tutdi...

Yoshim o‘ttiz uchda. To‘rt ukam, bir singlim bor. Oilada to‘ng‘ichman. Bolalikdan ota-onam doim bizni mehnatga o‘rgatdi. Otam cho‘ldan yer olgandi. Dehqonchilikda hikmat ko‘pligini yillar davomida anglab katta bo‘ldik. Aslo kam bo‘lmadik. Avvaliga mollarimiz ko‘paydi, keyin qo‘ylar...

— Yozda hammamiz cho‘lga ketamiz. Mol-qo‘ylar ham o‘sha yerda bo‘ladi. Kichiklar ularni boqadi. Biz — kattalar dehqonchilikka qaraymiz, — dedi otam bir yili.

Shu bilan yozni dehqonchilik qiladigan joyimizda o‘tkazadigan bo‘ldik. “Kuch birlikda” deganlari rost ekan. O‘sha yili hosilimizni sotib, “Damas” avtomashinasini oldik. Endi uyga kelib-ketishga aslo qiynalmasdik. Hamma bizning oilaga havas qilardi:

— “Mehnatning tagi rohat”, deb shuni aytadi-da! Hamma ham mehnatkash bo‘lsa ekan...

— Bolalari ham mehnatga o‘rgandi. O‘zining omadi chopdi, hech narsadan kami yo‘q!

— Dehqonchilikdan ham boyib ketish mumkinligini isbotladi!..

Bu odamlarning tunu-kun biz haqimizdagi aytgan gaplari. Biz qishloqning eng old xonadoniga aylangandik. Shu sababli meni kelin qilaman, ukamga qizini beraman, deguvchilar ko‘p edi. Ukalarim o‘zini yosh hisoblagani, men esa o‘qishni istaganim uchun turmush qurishni rad etardik. Endi angladimki, o‘qishning erta-kechi yo‘q ekan, oilali bo‘lishni ortga surib bo‘lmaskan. Men shunda xato qildim. Sovchilarni qaytaraverdim. Afsuski, ularning keladigan vaqti bo‘larkan. Vaqt o‘tgach... O‘zimcha, “o‘qishga kira olmadim-ku, endi turmush qursam bo‘lar”, deganimda so‘rab kelguvchilarning oyog‘i uzilgandi.

— Qizim, xafa bo‘lmasang, ukangni uylantirsak... — dedi bir kuni mung‘ayibgina onam.

— Nega xafa bo‘laman, oyi, uylantiravering. Mening ham peshanamga yozilgani bo‘lar... — dedim ichimdan bir nima uzilgandek.

O‘zimni xursand ko‘rsatganim bilan odamlarning gap-so‘zi baribir qalbimni yaralardi.

— Seni uzatmay turib ham, ukangga qiz izlashayotgan ekanmi? — xuddi atay qilgandek, hayron bo‘lib so‘rashardi ular. Axir, “menga sovchi kelmayapti-da”,  deya olmayman-ku!

Shunday qilib, katta ukamni uylantirdik. So‘ng kichigi ham uylandi. Oilamiz kengaydi, yanada ko‘proq mehnat qildik. Natijasi yomon bo‘lmadi. Mollarimiz soni yigirmadan oshdi. Qo‘yimiz uch yuzta bo‘ldi. Otam ikkita traktor sotib oldi. Ukalarimning farzandlari dunyoga keldi. Xullas, hammasi havas qilgulik edi. Toki...

Afsuski, mana shu voqea sodir bo‘lmaganda edi.

Kutilmaganda ikki yil burun otam eri o‘lgan bir ayolning “qopqoni”ga tushdi. Avvaliga biz buni sezmadik. Bilganimizda esa kech edi. Qo‘limizdan hech narsa kelmadi. Nima ham kelsin? Biz farzandlar padarimizga bu borada bir nima deyishga jur’at eta olarmidik?! Onam zor qaqshab yig‘ladi:

— Otasi, endi yosh bola emasmiz. Meni o‘ylamang! Mayli, men uchun hech nima qilmang! Ammo odamlar... Quda-andali, nevarali odamsiz. Iltimos, el-yurt oldida sharmanda qilmang! Farzandlaringizning kelajagini o‘ylang! Axir, qizlaringizni turmushga berishingiz, qolgan o‘g‘illaringizni ham uylashingiz kerak.

— O‘chir ovozingni! Ayol boshing bilan menga aql o‘rgatyapsanmi? Nima qilishni o‘zim bilaman! — o‘sha zahotiyoq otam onamning so‘zini bo‘lardi.

Biz esa u kishining xurmatini qilib bir og‘iz gapirmadik. Oilada otaning o‘rni juda katta ekan. Shu paytgacha oilamiz sha’nini, g‘ururini, qudratini gard yuqtirmay turgan otam bitta ayol uchun... Bu voqea bizni dovdiratib qo‘ydi. Afsuski, bu ko‘rgilik hali boshlanishi bo‘lib chiqdi. Odamlar otamning hurmati uchun doim bizga ortiqcha gap qilmasligi o‘shanda tushundim. Otamning uylanishi darrov oilamizga o‘z ta’sirini o‘tkazdi. Birinchi navbatda kelinimiz ukamni mensimay qo‘ydi:

— Bir kun kelib siz ham otangizga tortasiz-da, qaerga borasiz! — deydi ikki gapining birida.

Natijada ikkalasi jiqqamusht bo‘lib urishadi. Bora-bora ular umuman kelisholmay qoldi. Shu darajaga borib yetishdiki, bolalarini ham o‘ylab o‘tirmay ajrashishdi. Ukam g‘ururli bo‘lib o‘sgan emasmi, bolalarining yetim bo‘lgani, “xotini pisand qilmay qo‘ydi”, degan gapga chidayolmay, qo‘shni davlatga ishlagani ketdi.

Bu oilamizga kelgan birinchi ko‘rgilik ekan. Doim tinch, osoyishta, farovon bo‘lgan xonadonimiz shu tarzda parokanda bo‘la boshladi. Otamning uyda ko‘p bo‘lmasligi, onamning g‘amdan e’tiborsiz bo‘lib qolgani ikkinchi ukamga ham ta’sir qildi. Puli borligini bilib bezori bolalar o‘zlariga sherik qilishgan ekan. Buni opa bo‘lib men ham sezmabman. Har kuni uyga kech keladi, kelib xotinini kaltaklaydi...

— Bir kuni meni adoyu tamom qilasizlar, — zor qaqshab yig‘laydi onam sho‘rlik.

“Qozonga yaqinlashsang, qorasi yuqar” deganlari haqiqat ekan. Ukam o‘sha sheriklari bilan o‘g‘irlik qilibdi. Uyushgan jinoyatchilik deya uni... Ukamning qamalishi haqidagi hukm o‘qilishi bilan onam o‘zidan ketdi.

— E’tiborli bo‘lingizlar, yuragi pand beribdi, — dedi shifokor.

Shu bilan onam ham yarimjon bo‘lib qoldi. Bu ham yetmaganidek men... xotini bilan ajrashgan bir erkak bilan tanishdim.

— Sizni sevib qoldim. Meni oilangiz haqidagi hech narsa qiziqtirmaydi. Agar ota-onangiz uylanganimga ko‘z yumishsa, ertaga siz yuzimga solmasangiz, albatta uylanaman, — dedi u.

Boshidan shuncha ko‘rgilik o‘tgan, o‘ttiz yoshdan oshib ham turmushga chiqmay yurgan qiz uchun bu bir baxt edi. U har kuni qo‘ng‘iroq qilar, sevishini tinmay aytardi. Men ham uni sevib qoldim. Turmushga chiqishga va’da berdim. Axir “o‘tirib” qolgan qizining baxti ochilsa, onam ham xursand bo‘lardi-da...

Shularni o‘ylab unga yomon gapirmadim. O‘zimdan uzoqlashtirishni o‘ylamadim ham. Bizning tinimsiz suhbatlarimiz uchrashuvlarga ulandi. Ana shunday diydor ko‘rishganimizning birida...

— Nega xafa bo‘lasan? Men seni sevaman! Baribir uylanaman, xotinim bo‘lasan-ku, nimadan qo‘rqasan? — deb ovutdi u.

Ming afsuslar bo‘lsinki, o‘sha voqeadan keyin uchrashuvimiz va uning qo‘ng‘iroqlari kamaya boshladi. Avvaliga e’tibor qilmagan ekanman. Mendan o‘zini olib qochayotganini to o‘zim yo‘qlamasam esiga ham olmasligini sezdim. Hozir esa u hayotimda yo‘q.

— Meni unut! Boshqa bir qizni sevib qoldim. O‘shanga uylanaman, — dedi yuzsizlarcha.

— Men-chi? — oyog‘imdan jon ketgandek yerga o‘tirib qoldim va yig‘lab yubordim. — Endi men qayoqqa boraman?

— Nima qilay? Ayb mendami? O‘zing xohlagansan! Qarshilik ko‘rsatsang, men hech narsa qilmasdim. Agar yana telefon qilsang, borib onangga “qizingizni yig‘ishtirib oling, menga osilyapti”,  deyman!

Bu gapdan keyin qo‘limdan nima ham kelardi. O‘zimni o‘zim el oldida sharmanda qilishni, onamni qora go‘rga tiqishni istamayman-ku!

Shunday kunlarning birida ikkinchi ukamning xotini kasal bo‘lib qoldi. Jigari xasta ekan. Operatsiya qildirdik. Uyam endi parvarishga mujtoj. Men esa qaysi biriga bo‘lay? Kasalmand onam va kelinimgami, ukam yoki singlimgami? Ukamning bolalari ham katta bo‘lyapti, ularga ham e’tibor kerak. Otasi qamoqda, onasi kasal... Xullas, dunyoga sig‘may qoldim. Bu dardlar menga og‘irlik qilyapti. Birgina otamning yo‘qligi oilamizni shu ahvolga olib keldi. Ba’zan otamni ko‘chada uchrataman. Hammasini aytgim, uyga qatishini yalinib so‘ragim keladi, ammo otam salomimga alik olishni ham istamaydi. Yuzini burib o‘tayotgan, ko‘rishni istamagan odamdan qanday qilib yordam so‘rash mumkin? U kishi o‘sha ayolni deb hamma-hammasidan voz kechdi. Yillar davomida misqollab yig‘gan obro‘-e’tibor, xotirjamlik, boylik, farovonlik — barchasini boy berdik. Esiz, shuncha mehnatimiz...

Hozir bizda hech biri yo‘q. Avval bizni havas bilan tilga olgan bo‘lishsa, mana, bir yildirki, g‘iybatning eng saralariga sababchi bo‘lyapmiz. Shularni o‘ylaganim sari dunyo ko‘zimga tor ko‘rinadi. Jonimdan kechsammi, deyman. Biroq uyda shuncha odamga kerakman. Ularga suyanch bo‘lmog‘im zarur.

Taqdirning sinovlarini boshimdan o‘tkazib anglaganim shu bo‘ldiki, halollik hamma narsaning boshi ekan. Otam shuncha yil halol yashadi, mehnat qildi. Afsuski, anglabmi, anglamaymi, harom sari qadam tashladi, o‘sha ayolning pinjiga kirdi... Mening haqiqatim shuki, baxtga ham, omadga ham, xotirjamlikka ham olib boruvchi birgina yo‘l, bu — halollik!

Nargiza TURDIBEK qizi yozib oldi


Manba: "darakchi.uz"
Категория: Mutoala sahifa | | Теги: Xiyonat, Sabab, parokanda bo‘lgan oila | Рейтинг: 0.0/0

Copyright © Tarona.net Media 2014-2024 | Все права защищены | Реклама |
Мы не несём ответственности за содержание. | Права на фильмы принадлежат их авторам. Все фильмы представлены только для ознакомления. |
Администрация не несет ответственности за размещенные пользователями нелегальные материалы! Любой фильм будет удален по требованию правообладателя