Главная » 2022 » Август » 6 » Xitoy harbiy rahbariyati AQSH bilan aloqani uzib qo‘ydi – “Politico”
10:47

Xitoy harbiy rahbariyati AQSH bilan aloqani uzib qo‘ydi – “Politico”


Xitoy harbiy qo‘mondonligi vakillari Tayvan atrofidagi vaziyat keskinlashgan bir paytda Vashingtonning ular bilan bog‘lanishga urinishlariga javob bermayapti. Bu haqda kecha, 5 avgust kuni “Politico” gazetasi xabar berdi.

Nashr manbalariga ko‘ra, hafta davomida Xitoy armiyasining martabali yuqori amaldorlari amerikalik hamkasblari, jumladan Mudofaa vaziri Lloyd Ostin va AQSH shtab boshliqlari qo‘mitasi raisi general Mark Millining ko‘plab qo‘ng‘iroqlariga javob bermagan. AQSH rasmiylari “Xitoyning jim turishi shusiz ham taranglashgan vaziyatni kuchaytirish xavfini oshiradi”, degan xavotirda.

Taʼkidlanishicha, AQSH va Xitoy qurolli kuchlari shtab boshliqlari o‘rtasidagi oxirgi aloqa 7 iyul kuni Milli va Xitoy Xalq-ozodlik armiyasi birlashgan shtabi rahbari Li Szochen o‘rtasida videokonferensiya shaklida o‘tkazilgan. Muloqot chog‘ida “ochiq aloqa liniyalarini saqlash muhimligi” haqida gap borgan. “Politico”ning taʼkidlashicha, AQSH harbiy rahbariyati keng ko‘lamli harbiy mojaroning oldini olish uchun “hatto Xitoy kabi potensial raqiblar bilan” muloqot qilishga tayyor.

Kecha, 5 avgust kuni Pekin AQSH hukumati iyerarxiyasida uchinchi o‘rindagi AQSH Kongressi Vakillar palatasi spikeri Nensi Pelosining Taybeyga tashrifi munosabati bilan AQSH bilan sakkizta hamkorlik mexanizmi vaqtincha to‘xtatilishi yoki bekor qilinishini eʼlon qildi. Bu harbiy idoralar vakillarining uchrashuvlarini bekor qilish, mintaqaviy harbiy qo‘mondonliklar o‘rtasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqani to‘xtatish, dengiz xavfsizligi mexanizmi doirasida o‘zaro hamkorlikni to‘xtatish, shuningdek, iqlim o‘zgarishi va noqonuniy giyohvand moddalarga qarshi kurashni o‘z ichiga oldi.

Nensi Pelosi 2 avgust kuni kechqurun Taybeyning Sonshan aeroportiga yetib keldi va orolda bir kun ham bo‘lmay, 3 avgust kuni qaytib ketdi. Bu AQSH Kongressi Vakillar palatasi spikerining 1997 yildan beri orolga qilgan ilk safari bo‘ldi. Pelosi Tayvanda orol maʼmuriyati rahbari Say Ingven bilan uchrashdi.

Bu voqea AQSH va Xitoy munosabatlarini taranglashtirdi. Rasmiy Pekin Pelosi kelishidan oldin Tayvan yaqinida harbiy mashg‘ulotlar boshlagandi. Tashrifdan keyin esa orol atrofida bir qancha hududlarda mashg‘ulotlarga start berildi.

Xitoy Tashqi ishlar vazirligi siyosatchining tashrifiga keskin norozilik bildirdi va uni qoraladi. Uning safari “Yagona Xitoy” tamoyili va uchta Xitoy-AQSh kommyunikelari qoidalarini jiddiy ravishda buzishi urg‘ulandi. Pekin, shuningdek, Vashingtonni Xitoyni nazorat qilish uchun Tayvandan foydalanishni to‘xtatishga chaqirdi. Bundan tashqari, diplomatik departament mamlakat suverenitetini himoya qilish uchun barcha zarur choralarni ko‘rishiga ishontirdi.

Oq uyning fikricha, Pelosining Tayvanga tashrifi Xitoy suverenitetini buzmagan, AQSH maʼmuriyati esa “o‘zini qo‘rqitishga yo‘l qo‘ymasligiga” ishontirgan. Amerika rasmiylari mintaqada keskinlikning kuchayishiga hech qanday sabab yo‘qligini taʼkidlamoqda.

Kreml Pelosining safarini mintaqadagi keskinlikni kuchaytiruvchi provokatsiya deb atadi. Prezident matbuot kotibi Dmitriy Peskov dunyoning barcha davlatlari buni qayd etayotganiga eʼtibor qaratdi va Rossiyaning Xitoy bilan birdamligini qayd etdi.

Xitoy harbiylari Pelosi tashrifidan keyin shay holatga keltirildi. Armiya Tayvan atrofidagi bir nechta nuqtada harbiy mashg‘ulotlar boshladi.

Tayvan va AQSH munosabatlari

Tayvan 1949 yilda Chan Kayshi (1887-1975) boshchiligidagi Gomindan qo‘shinlarining qoldiqlari Xitoy fuqarolar urushida mag‘lubiyatga uchragach, orolga qochib ketganidan beri o‘z maʼmuriyati tomonidan boshqariladi. O‘shandan beri Tayvan kommunistlar hokimiyatga kelishidan oldin materikda mavjud bo‘lgan sobiq Xitoy Respublikasi bayrog‘i va boshqa atributlarini saqlab qolgan.

Qo‘shma Shtatlar 1979 yilda Tayvan bilan diplomatik aloqalarni uzib, ularni XXR bilan o‘rnatgan. Vashington “yagona Xitoy” siyosatini tan olish bilan birga, ayni paytda Taybey maʼmuriyati bilan aloqalarni davom ettirmoqda va orolga qurol yetkazib bermoqda. 2020 yilda AQShning avvalgi Prezidenti Donald Tramp maʼmuriyati Gonkongdagi vaziyat tufayli Pekin bilan munosabatlarning keskinlashuvi fonida Tayvan bilan aloqa va almashinuvlarni sezilarli darajada faollashtirdi, bu esa XXR rasmiylarining noroziligiga sabab bo‘ldi. 

AQSH Tayvanning asosiy qurol yetkazib beruvchisidir. Joriy yilning aprel oyida Davlat departamenti Patriot zenit-raketa tizimlariga xizmat ko‘rsatish bo‘yicha 95 million dollarlik shartnomani maʼqulladi.

Manba: "qalampir.uz"
Категория: Dunyo xabarlari | | Теги: “Politico”, Xitoy, uzib, qo‘ydi, harbiy, rahbariyati, AQSH, bilan, aloqani | Рейтинг: 0.0/0

Copyright © Tarona.net Media 2014-2022 | Все права защищены | Реклама |
Мы не несём ответственности за содержание. | Права на фильмы принадлежат их авторам. Все фильмы представлены только для ознакомления. |
Администрация не несет ответственности за размещенные пользователями нелегальные материалы! Любой фильм будет удален по требованию правообладателя