Главная » 2020 » Декабрь » 26 » Turkmaniston prezidenti koronavirusga davo bo‘ladigan giyohni tavsiya qildi
18:22

Turkmaniston prezidenti koronavirusga davo bo‘ladigan giyohni tavsiya qildi


Turkmaniston prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov COVID-19ga qarshi kurashda xalq tabobatida keng qo‘llanuvchi giyoh – qizilmiyani tavsiya qildi. Hukumatning onlayn tartibdagi majlisida nutq irod qilgan prezident qizilmiyaning koronavirusga qarshi xususiyatlarini tadqiq etish muhimligini ta’kidlagan.

Qayd  etilishicha, yaqinda o‘tkazilgan tadqiqotlar qizilmiya ildizi koronavirusning rivojlanishiga g‘ov bo‘lishini tasdiqladi. Turkmaniston rahbari qizilmiya ildizi Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) tomonidan tavsiya etilgan davo vositalari sirasiga kirishini eslatib o‘tgan. Ushbu giyoh ildizidan allergiya, shamollash, bronxial astma hamda virusli kasalliklarga qarshi 350 dan ziyod turdagi dori-darmon tayyorlanadi.

ORIENT axborot agentligi xabariga ko‘ra, Gurbanguli Berdimuhamedov muallifligida chop etilgan «Turkmanistonning dorivor o‘simliklari» kitobida ham qizilmiya ildizining shifobaxsh xususiyatlari batafsil bayon qilingan.

Ta’kidlanishicha, aynan turkman cho‘llarida o‘sovchi qizilmiyada foydali moddalar ko‘proq saqlanadi.  Mamlakatnig Lebap viloyatidagi agrosanoat majmuasida ushbu dorivor giyoh yetishtirilib, ichki hamda tashqi bozorga yetkaziladi.

Eslatib o‘tamiz, joriy yil mart oyida o‘tkazilgan hukumat mashvaratida Gurbanguli Berdimuhamedov virusdan himoyalanish uchun ko‘hna xalqona usul – isiriq tutatishni tavsiya qilgan edi.

Turkmaniston Markaziy Osiyo davlatlari orasida COVID-19 infeksiyasi tarqalishi rasman qayd etilmagan yagona davlat sanaladi.

Rasmiy Ashxobodga ko‘ra, mamlakatda koronavirus yuqishi bilan bog‘liq birorta holat ro‘yxatga olinmagan. Ammo mamlakatda niqob rejimi hamda boshqa bir qator cheklovlar amal qilmoqda. Xususan, 50 yoshdan oshgan fuqarolarning harakatlanishi cheklangan. 

Joriy yil sentyabr oyida esa Turkmaniston hukumati koronavirus tarqalishi tahdidi ta’sirida yuqumli xastaliklardan davolanishdan bosh tortgan yoki shifoxonadan qochgan bemorlar  uchun jinoiy javobgarlik joriy etdi.

Kuzatuvchilar epidemiyaga qarshi joriy etilgan ommaviy cheklov choralari hamda matbuot xabarlariga asoslanib Turkmanistonda koronavirus yo‘qligi xususidagi rasmiy pozitsiyani shubha ostiga oladilar. JSST esa Turkmanistonda o‘tkir yuqumli kasalliklar hamda pnevmoniya tarqalishi sur’ati oshganidan xavotir bildirgan.


Manba: "xabar.uz"
Категория: Dunyo xabarlari | | Теги: Prezidenti, Davo, tavsiya, giyohni, koronavirusga, Turkmaniston | Рейтинг: 0.0/0

Copyright © Tarona.net Media 2014-2024 | Все права защищены | Реклама |
Мы не несём ответственности за содержание. | Права на фильмы принадлежат их авторам. Все фильмы представлены только для ознакомления. |
Администрация не несет ответственности за размещенные пользователями нелегальные материалы! Любой фильм будет удален по требованию правообладателя