Главная » 2021 » Декабрь » 23 » Sud Gulnora Karimova foydasiga muhim qarorni qabul qildi
22:01

Sud Gulnora Karimova foydasiga muhim qarorni qabul qildi


Shveysariya federal jinoiy sudi O‘zbekiston Birinchi Prezidenti Islom Karimovning to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimovaga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoiy ish bo‘yicha muzlatib qo‘yilgan mablag‘lardan Takilant kopmaniyasiga qariyb 70 million dollarni qaytarishga qaror qildi. Tergov ushbu aktivlar jinoyat natijasida qo‘lga kiritilganligini aniqlay olmadi, deyiladi Federal jinoyat sudi bayonotida.  

Gulnora Karimova benefitsiar bo‘lgan Takilant hozirda jinoiy tergov qilinayotgan beshta Shveysariya hisobining ikkitasi bilan bog‘langan. Kompaniyadan musodara qilingan umumiy summa 350 million dollardan ortiqni tashkil qilgan. 

Sud xulosasiga ko‘ra, ushbu summaning salmoqli qismi – 293 million dollardan ortig‘i (taxminan 270 million Shveysariya franki) musodara qilinishi kerak. Chunki ishda ishtirok etgan bir necha shaxs, jumladan Gulnora Karimovaning o‘zi va uning yordamchisi og‘ir jinoyatda aybdor deb topilgan. 

2020 yil dekabr oyi boshida Shveysariya Apellyatsiya sudi Karimovaning Gibraltarda ro‘yxatdan o‘tgan Takilant kompaniyasining qonuniy benefitsiari ekanligi haqidagi da’vosini qanoatlantirdi, uning mablag‘lari 2018 yilda tergov tomonidan Shveysariya bankidagi hisob raqamida muzlatib qo‘yilgan. 

Yevropa davlatlarida Karimova nomi bilan bog‘liq kompaniyalarning jinoiy faoliyati yuzasidan tergov 2012 yilda boshlangan. O‘zbekiston marhum Prezidenti to‘ng‘ich qizining ikki ishonchli shaxsi hujjatlarni qalbakilashtirish va pul yuvishda ayblangan. Keyinroq tergov yana ikki kishi – Karimovaning o‘zi (2013 yilda diplomatik daxlsizlik bekor qilinganidan keyin) va uning qarindoshi bilan kengaytirilgan. 

Jinoiy sxema TeliaSonera,  Vimpelcom,  Alfa Telecom,  MS kabi xorijiy telekommunikatsiya kompaniyalaridan O‘zbekiston bozoriga kirishi evaziga katta miqdordagi pullarni noqonuniy ravishda olishdan iborat edi. Keyinchalik bu mablag‘lar chet elda, asosan Shveysariyada yuvilgan. 2018 yilda Shveysariya Karimovani aybdor deb topdi va Shveysariyaning ikkita bankidagi beshta hisobidagi 555 million dollardan ortiq mablag‘ni musodara qilishni buyurdi.

Gulnora qayerda? 

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidenti Islom Karimovning to‘ng‘ich qizi, Fond Forum vasiylik kengashi raisi, professor va maishatsevar Gulnora Karimovaning “saltanat”i 2013 yilga kelib quladi. 2005 yildan boshlab o‘zini madaniyat va san’at, sport, ilm-fan, axborot texnologiyalari va yoshlar g‘oyalari rahnamosi sifatida ko‘rsatishni boshlagan Googoosha 2013 yilgacha mamlakatda mislsiz qudrat sohibi bo‘lgani hech kimga sir emas. 

So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, Gulnora Karimova Toshkent viloyati Zangiota tumanida joylashgan 21-sonli jazoni o‘tash koloniyasida saqlanmoqda. U koloniyaga 2019 yilning 14 mart kuni olib kelingan va 7-otryadning 2-sektoriga (umumiy rejimdagi) joylashtirilgan.

2020 yilning 18 mart kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudida Gulnora Karimova va u tomonidan tashkil etilgan jinoiy uyushma a’zolariga nisbatan jinoyat ishini ko‘rib chiqish bo‘yicha sud jarayoni nihoyasiga yetdi va sud hukmi e’lon qilindi. 

O‘tkazilgan yopiq sud majlisida sudlanuvchilar, guvohlar, jabrlanuvchilar ko‘rsatmalari tinglandi, dalillar tekshirildi va sudlanuvchilar himoyachilarining vajlari muhokama qilindi.

Sud jinoyat ishi materiallarini har tomonlama va to‘liq o‘rganib, sudlanuvchi Gulnora Karimovani jinoiy uyushma tashkil etish, tovlamachilik, o‘zlashtirish va rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish, jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish va boshqa jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topdi.

Sud hukmi bilan Gulnora Karimovaga 13 yil 4 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Jinoyat qonunchiligi normalariga muvofiq hamda bir necha jinoyat va hukmlar majmui bo‘yicha jazo tayinlanganligini inobatga olgan holda jazo muddatini 2015 yil 21 avgustdan boshlab hisoblash belgilandi.


Manba: "qalampir.uz"
Категория: Mahalliy Habarlar | | Теги: qildi, foydasiga, qarorni, muhim, qabul, sud, Gulnora Karimova | Рейтинг: 0.0/0

Copyright © Tarona.net Media 2014-2024 | Все права защищены | Реклама |
Мы не несём ответственности за содержание. | Права на фильмы принадлежат их авторам. Все фильмы представлены только для ознакомления. |
Администрация не несет ответственности за размещенные пользователями нелегальные материалы! Любой фильм будет удален по требованию правообладателя