Главная » 2021 » Август » 20 » Shavkat Mirziyoyev Asakadagi avtomobil zavodi hech qachon O‘zbekiston xalqiga foyda keltirmaganini aytdi
22:01

Shavkat Mirziyoyev Asakadagi avtomobil zavodi hech qachon O‘zbekiston xalqiga foyda keltirmaganini aytdi


Prezident Shavkat Mirziyoyev 20-avgust tadbirkorlar bilan ochiq muloqot chog‘ida Asakadagi General Motors avtomobil zavodi faoliyati haqida gapirdi, deb xabar berdi “Gazeta.uz”.

O‘z navbatida davlat rahbari avtomobil zavodi avval 35 foiz zarar bilan ishlaganini, xarajatlarning 35-40 foiz davlat hisobidan amalga oshirilganini ta’kidladi.

“Biror marta mahsulotini foyda bilan ishlab chiqarmagan. Agar hozirgidek raqobat bo‘lib, zavodni keng okeanga qo‘yib yuborganimizda mashina soni ko‘payar, ham arzon, ham raqobatbardosh bo‘lardi”, — dedi u.

Shavkat Mirziyoyev bu zavod uchun barcha imkoniyatlar, jumladan, soliq imtiyozlari yaratilganiga qaramay, u hech qachon O‘zbekiston xalqiga foyda keltirmaganini afsus bilan tan oldi.

“Eksportga yuborgan mashinamizni ichki bozorga nisbatan 30-40 foiz arzonroq qilib sotar edik. Chegaradan o‘tkazib qo‘yar edik-da, eksport qilyapmiz deb, g‘o‘ddayar edik. U eksport emas, balo edi”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Prezidentning ta’kidlashicha, endi raqobat muhitini shakllantirish natijasida zavod o‘z faoliyatini tubdan qayta ko‘rib chiqishi kerak bo‘ladi.

“Andijon mashina zavodi 3-4 yildan keyin bizga kerak ham emas. Nimaga desangiz, mana Toshkent viloyatida, Namanganda ochilyapti, Jizzaxda hech kim tasavvur qilmagan 2-3 ta zavod ochyapmiz. Shuning uchun biz Andijon zavodini ko‘rsatganimizda ham faqat rasmini ko‘rsatar edik, binosi chiroyli edi. Ichi (ishlab chiqarishi nazarda tutilmoqda — tahr.), iqtisodiyoti ma’qul emas edi”, — dedi davlat rahbari.

Andijon viloyati hokimi Shuhrat Abdurahmonovning aytishicha, bundan 5 yil oldin kim viloyatga kelgan bo‘lsa, hokimiyatda GM avtomobil zavodidan boshqa ko‘rsatadigan hech narsasi yo‘q edi. Viloyatda ish o‘rinlarini yaratishda faqat zavodga umid qilingan, lekin hozirda minglab odamlarni ish bilan ta’minlay oladigan tadbirkorlar bor.

Ma’lumot uchun, O‘zbekistondagi bir qancha kompaniyalar 2021–2023-yillarda yengil avtomobillar, pikaplar, yuk mashinalari, mikroavtobuslar va boshqa yengil avtomobillarni ishlab chiqarish va yig‘ishni o‘zlashtirishni maqsad qilgan. Prezident shuningdek, avtomobil ishlab chiqaruvchilar sonini ko‘paytirish rejalarini e’lon qildi.

Xususan, 2021–2022-yillarda Jizzaxda 277 million dollarlik avtomobilsozlik sohasida uchta loyihani amalga oshirish rejalashtirilgan. Bu ADM Jizzaxda yengil avtomobillar ishlab chiqarishning ikkinchi bosqichi (hozirda Kia modellari sotilmoqda), Volkswagen tijorat avtomobillarini ishlab chiqarishning ikkinchi bosqichi, shuningdek, mikroavtobuslar, tijorat va yuk mashinalarini yig‘ish bo‘yicha Auto Motors Asia loyihasi.

2018-yilda “O‘zavtosanoat” Amerikaning General Motors korporatsiyasidan qolgan aksiyalarni sotib olib, Asakadagi GM Uzbekistan avtomobil zavodining yagona aksiyadoriga aylandi va kompaniyani nomini UzAuto Motors deb o‘zgartirdi. Kompaniyada ishlab chiqarish 24 foizga pasayishiga qaramay 2021-yilning olti oyi yakunlariga ko‘ra uning sof foydasi qariyb 70 foiz – 902,6 milliard so‘mga (84,6 million dollar) o‘sdi.


Manba: "daryo.uz"
Категория: Mahalliy Habarlar | | Теги: avtomobil, Asakadagi, zavodi, Shavkat Mirziyoyev | Рейтинг: 0.0/0

Copyright © Tarona.net Media 2014-2024 | Все права защищены | Реклама |
Мы не несём ответственности за содержание. | Права на фильмы принадлежат их авторам. Все фильмы представлены только для ознакомления. |
Администрация не несет ответственности за размещенные пользователями нелегальные материалы! Любой фильм будет удален по требованию правообладателя