Главная » 2017 » Январь » 11 » Sevgidan ustun do‘stlik yo do‘stlikdan baland sevgi? Sizga qay biri?!
08:40

Sevgidan ustun do‘stlik yo do‘stlikdan baland sevgi? Sizga qay biri?!


Karan Joharning yangi kartinasi Toshkentga ham yetib keldi...
“Eh yurakka bunchalar mushkul” (“EYuBM”). Ilk marta uni Londonda tomosha qilgandim. Hind tilida, inglizcha subtitrlar bilan... Kuldirdi, o‘ylantirdi, o‘ynatdi va... yig‘latdi ham!

Bollivudda sevgi va do‘stlik mavzularini Karan kabi yana kim ham ta’sirliroq va ishonarli qilib ko‘rsata oladi?! Ha, Joharning o‘zi!

Karan ilk marta Ranbir va Anushka juftligi bilan hamkorlik qildi va ularni qayta kashf etdi! Ishonmaysizmi? Yo‘q, ishonasiz, tomoshadan keyin albatta, ishonasiz!

Rishi Kapurning o‘g‘lida uning o‘zidan ko‘ra ko‘proq talanti borligiga ishonasiz. Ushbu kartinadan so‘ng Raj Kapurning nabirasida juda ulkan aktyorlik potensiali borligi yaqqol ko‘zga tashlandi.  Ranbir Kapurni Bollivudga ilk qadami Sanjay Lila Bhansalining “Sevishganlar”i bilan boshlandi. Ilk rolidan qizlarning yoqimtoyiga aylangan yigit hozirda superyulduzlardan biriga aylanishga ulgurdi.

Anushka Sharmani marhum afsonaviy rejissyor  Yash Chopraning o‘g‘li Aditya Chopra kashf etgani rost. Bollivudning ichki dunyosi va hind kinosi muxlislariga notanish bo‘lgan talantli qizning yorqin tabassumi uning ilk filmidanoq omma xotirasiga muhrlandi. Notanish chehra planetamizning har nuqtasida tanilgan Shohruh Hondek – mashhur qiyofaning yonida birga ko‘rindi. Sharma faqat Xon tufayli tanildi desak, xato bo‘ladi. Agar, uning talantini sezmaganimizda, Anushka shunchaki birinchi kartinaning o‘zidayoq esdan chiqishga ulgurardi. Chunki, Xonning mashhurligidan foydalanib, tanilmoqchi bo‘lgan aktrisalar kam emas. Biroq, birontasi hali muvaffaqiyat qozongan emas.

“Tangri yaratgan juftlik” kartinasi – Anushkani Shohruhning yangi juftiga aylantirdi!

Oradan yillar o‘tib, marhum Yash Chopra ularni “To tirik ekanman” kartinasida yana uchrashtirdi. Katrina, Anushka va Xon. Ajoyib uchlik! Kartina u qadar shuhrat qozonmagan bo‘lsa-da, Yash amakining eng so‘nggi, boz ustiga tugallanmagan filmi sifatida tarixga muhrlandi.

Anushka Bollivuddagi Xonlarning bari bilan suratga tushishga erishgan eng omadli va sanoqli yulduzlardan biri sanaladi. Shohruh Xon bilan “Tangri yaratgan juftlik”da, Amir Xon bilan “PK”da va bo‘ydoq Xon - Salmon Xon bilan “Sulton”da!  Sharmaning Xonlar bilan yaratgan shuncha filmi bir tomon-u, Ranbir bilan juft bo‘lgan kartinasi bir tomon...

“Eh yurakka bunchalar mushkul”. Qanchalar mushkul?!

Sevganmisiz? Hech javobsiz sevgiga duchor bo‘lganmisiz?

Keling, savolni boshqacha qo‘yamiz. Aniqrog‘i, vaziyatni.  Siz sevasiz-u, u siz kutgan sevgi ila sevmaydi... Boshqacha sevadi. Do‘stlik ila sevadi. Do‘stlikni sevgidan ustun qo‘yib sevadi...

London. Alizeh va Ayan munosabatlari do‘stlik ila rivojlanadi. Biroq, vaqt o‘tgan sayin Ayan ajoyib qiz – Alizehni sevib qolganini anglaydi, biroq, yuragini uning to‘yi kuni “yoradi”!  Kutilmagan izhor kelinni qay ahvolga solishi mumkin? Buyog‘i hind kinosiga o‘ta xos  an’ana – to‘y buzilib, sevishganlar topishadi degan xayolga borsangiz, adashasiz.  Alizeh boshqani sevishi rost, u Ayanni faqat do‘st sifatida ko‘radi, xolos. U Aliga turmushga chiqadi...

Taqdir Ayanni Sabah (Ayshvariya Ray) ismli shoira bilan uchrashtiradi. Sabah – mashhur rassom Tohir Xon (Shohruh Xon)ning sobiq rafiqasi. Kunlardan bir kun Sabah oshig‘i va sobiq turmush o‘rtog‘ini tanishtiradi... Ayan esa sevgilisi (biroq, boshqaga turmushga chiqqan) va ma’shuqasi bilan bir stolda, qaltis suhbatda bo‘lishiga to‘g‘ri keladi!

Voqealar rivoji shunday davom etadiki, kartinaning bir daqiqasini ham shunchaki o‘tkazib yuborolmaysiz...

Yillar o‘tib, Ayan Alizeh bilan yana uchrashadi. U endi boshqacha... O‘sma kasalligiga yengilayotgan, allaqachon bedavo kasallikning zarbalarini yeyishga majbur bo‘layotgan, shamol mahali yuzlarini erkalovchi uzun sochlari bilan bir umrga xayrlashgan ayol...

Ayan hanuz sevishini aytishdan, Alizeh esa do‘stlikni sevgidan ustun qo‘yishidan charchamaydi. Biroq, Ayanga javob kerak: sevgiga sevgi!  

... Tez yordam mashinasi.

Qo‘shiq yangraydi. Qaysi dillarga malham, kimlarga shirin xotira bo‘lgan qo‘shiq... Dardli qo‘shiq...

“Channa mereya mereya

(O mening mohim)

Channa mereya mereya

(O mening mohim)

Channa mereya mereya beliya

(O mening sevgan mohim)

O piya...

(O sevganim)”

 Tamom. Titr.

Ko‘zlaringizni ekrandan uzishingiz mushkul kechadi...

Jasur HAMROYEV 


Категория: Shou-biznes habarlari | | Теги: sevgi, do‘stlik, Sevgidan ustun, Sizga qay biri?, yo do‘stlikdan baland sevgi?, Bollewood | Рейтинг: 0.0/0

Copyright © Tarona.net Media 2014-2024 | Все права защищены | Реклама |
Мы не несём ответственности за содержание. | Права на фильмы принадлежат их авторам. Все фильмы представлены только для ознакомления. |
Администрация не несет ответственности за размещенные пользователями нелегальные материалы! Любой фильм будет удален по требованию правообладателя