Главная » 2021 » Октябрь » 6 » Samarqand va Marg‘ilon osmonida ko‘ringan noma’lum jismlar bo‘yicha ma’lumot berildi
22:20

Samarqand va Marg‘ilon osmonida ko‘ringan noma’lum jismlar bo‘yicha ma’lumot berildi


O‘zbekiston Fanlar akademiyasi ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan Marg‘ilon va Samarqand uzra noma’lum jism uchib o‘tgani tasvirlangan video bo‘yicha ma’lumot berdi.

 

Ijtimoiy tarmoqlarda 5-oktabr kuni soat 02:20 da Samarqand osmonidan noma’lum jism uchib o‘tgani tasvirlangan video tarqaldi. Ta’kidlanishicha, ushbu jism O‘zbekistonning deyarli barcha nuqtasidan ko‘ringan.

Fanlar akademiyasi Astronomiya instituti kichik ilmiy xodimi Kamoliddin Ergashevning ma’lum qilishicha, Marg‘ilon va Samarqandda olingan videomateriallardagi jismlarning uchish vaqti bir bo‘lsa-da, ularning har ikkisi bir obyektga tegishliligi haqida qat’iy xulosa chiqarib bo‘lmaydi. Sababi Marg‘ilonda olingan videodagi jism qo‘shaloq va ortidan o‘ziga xos ingichka va xira iz qoldirgan. Samarqandda olingan video sifati esa yuqoridagi faktlarni tasdiqlash imkonini bermaydi.

“Agar bu obyektlarni ortidagi xira izdan kometa va uning dumi deb tavsiflashga harakat qilinsa, uning videomaterialdagi nisbiy tezligiga ko‘ra bu mumkin emas. Chunki kometa atmosferadan tashqarida va ancha uzoqda bo‘lgani sababli bunday katta ko‘rinma burchak tezlikda harakatlana olmas edi. Agar Yerga juda yaqin kometa deb tasavvur qilinsa, bunday kichik o‘lcham bilan u ortidagi dumini o‘z gravitatsion maydonida tutib tura olmas edi”, — deydi mutaxassis.

Ergashevning so‘zlariga ko‘ra, videomaterialdagi jismlarning yorqinligi fluktuatsiyalanuvchi yoki portlovchan emas, harakati davomida deyarli o‘zgarmas yorqinlikdaligi tufayli bu jismlarni Yer atmosferasiga kirib kelgan meteor deb sifatlash ham imkonsiz. Bundan tashqari, uning ko‘rinma burchak tezligi meteor uchun juda kichiklik qiladi.

“Umuman olganda, videomateriallarning sifati va ulardagi dalillar bu obyektlarning tabiati haqida xulosa berishga yetarli emas”, — deydi u.

Eslatib o‘tamiz, 2019-yil 26-iyul oqshomida o‘zbekistonlik va qozog‘istonlik internet foydalanuvchilari ijtimoiy tarmoqlarga tungi osmonda kuzatilgan chaqnash aks etgan videoroliklarni yuklagandi. O‘zbekistonda samodagi bunday hodisani Samarqand, Buxoro, Toshkent shaharlarida kuzatish mumkin bo‘lgan. O‘zbekiston osmonida ko‘ringan ushbu noma’lum jism “Topol” qit’alararo ballistik raketasi bo‘lishi mumkinligi taxmin qilingan.


Manba: "daryo.uz"
Категория: Mahalliy Habarlar | | Теги: Samarqand, Marg‘ilon, osmonida, jismlar | Рейтинг: 0.0/0

Copyright © Tarona.net Media 2014-2024 | Все права защищены | Реклама |
Мы не несём ответственности за содержание. | Права на фильмы принадлежат их авторам. Все фильмы представлены только для ознакомления. |
Администрация не несет ответственности за размещенные пользователями нелегальные материалы! Любой фильм будет удален по требованию правообладателя