Главная » 2020 » Декабрь » 6 » Ronaldu, Messi, Pele, Drogba va Bekhem. Jiddiy kasalliklarni yengib o‘tgan taniqli futbolchilar
12:30

Ronaldu, Messi, Pele, Drogba va Bekhem. Jiddiy kasalliklarni yengib o‘tgan taniqli futbolchilar


Futbol muxlislari maydonda yugurib yurgan baquvvat va kuchli o‘yinchilarni ko‘radi va ularni har doim shunday bo‘lgan deb o‘ylaydi. Biroq charm to‘p ustalari orasida shunday futbolchilar borki, ular o‘tmishda nafaqat oddiy inson, balki anchayin jiddiy bo‘lgan kasalliklarni ham boshdan o‘tkazgan. Quyida aynan mana shunday irodali yulduz futbolchilar haqida fikr yuritiladi.

Lionel Messi

Qo‘lga kiritilgan “Oltin to‘p”lar soni (6 ta) bo‘yicha rekordchi vatani Argentinada oddiy choy sotuvchisi bo‘lib o‘tib ketishi, futbol esa u kabi dahodan mosuvo bo‘lishi mumkin edi. Gap shundaki, Leo somatotropin (o‘sish) gormoni yetishmasligidan aziyat chekardi, da’volash kursi esa oyiga 900 dollar turardi. Aynan shunday vaziyatda Messiga omad kulib boqadi: uning nechog‘lik iste’dodli ekanini kataloniyalik skautlar payqab qoladi va uning otasini farzandini Barselonaga ko‘rikka olib kelishga ko‘ndiradi. Yosh bolakayning qobiliyati klub mutasaddilarida shunchalik yaxshi taassurot qoldirdiki, ular Messining davolanishiga homiylik qilishni o‘z zimmasiga oladi (yiliga 90 ming yevro). Shu tariqa argentinalikning bo‘yi 169 santimetrgacha, o‘zi esa dunyoning eng yaxshi futbolchisi maqomigacha o‘sadi.

Krishtianu Ronaldu

Ronaldu 15 yoshdaligida shifokorlar uni uch-to‘rt oyga futbolni unutishga majbur qiladi: og‘ir jismoniy yuklamalar oqibatida taxikardiya (yurak bilan bog‘liq muammolar) yuzaga keladi.

“Shukrki, kasallik yengil bosqichda o‘tdi. U jarrohlik amaliyotiga ehtiyoj sezmadi. Kasallik bilan lazer yordamida kurashildi”, –  degandi Ronalduning “Sporting” akademiyasidagi murabbiyi Luis Martines. Bugungi kunda esa Krishtianu nafaqat yaxshi to‘purar, balki dunyoning eng kuchli atleti hamdir. “Oltin to‘p”ni qo‘lga kiritish borasida esa u faqatgina Lionel Messidan (Ronaldu 5 marta mazkur sovrinni o‘ziniki qilgan) orqada, xolos.

Tiago Silva

Braziliyalik himoyachi 2005-yilda Moskvaning “Dinamo”sida to‘p surgan. Bu paytgacha 20 yoshli Silva “Portu”ning ikkinchi jamoasidan boshqa joyda o‘ynamagandi. Moskvadagi sarguzashtlar Tiago uchun dahshatli tush kabi o‘tadi: dastlab yigitcha o‘quv mashg‘ulotlarida yo‘taldi, tekshiruvlardan so‘ng esa unda sil (tuberkulyoz) kasalligi aniqlandi.

“Men kasalxonada yotardim va o‘zimni och qolgan odamdek his qilardim. Onam kasal odamga o‘xshamasligimni aytardi, lekin men qimirlay olmasdim. Vaqti-vaqti bilan shifokor menga ukollar qilar, men esa kuniga 10–15 dona tabletka iste’mol qilardim. O‘sha vaqtlarni tez-tez eslab turaman. O‘shanda futbolni tark etish haqida o‘ylagandim”, – degandi Silva kasallikni boshdan o‘tkazgani haqida.

Sport bilan xayrlashish o‘rniga Silva vataniga qaytib, bir necha yil “Fluminense” jamoasida harakat qildi, shundan keyin dastlab, “Milan” safida Italiya, so‘ngra PSJ bilan Fransiya chempionatida g‘olib bo‘ldi. Hozirda Tiago Londonning “Chelsi” klubi sharafini himoya qiladi va dunyoning eng yaxshi himoyachilaridan biri hisoblanadi.

Devid Bekhem

Ingliz futboli afsonasiga bolaligida astma tashxisi qo‘yilgan, ammo 2009-yilgacha bu haqida hech kim bilmasdi. Devid kasallikka moslashib, nafas olish mashqlarini bajarar va yashirincha ingalyatordan foydalanardi.

Kunlardan bir kun Bekhemning tibbiy aksessuar ushlab turgan surati matbuotda paydo bo‘ladi. Devidning o‘zi esa intervyularidan birida shunday degandi: “Ha, men astma kasalligidan ko‘p yillardan beri aziyat chekaman. Nega men bu haqida hech qachon gapirmaganman? Chunki bunga sabab bo‘lmagan. Agar bu sizni tashvishga solayotgan bo‘lsa, menda bunday kasallik bor”.

Edgar Davids

O‘tgan asrning to‘qsoninchi yillari o‘rtalarida niderlandiyalik Pitbul laqabini olgan Davids boshidan glaukomani (ko‘zning xiralashishi) keltirib chiqargan jarohat oladi. U dastlab chap ko‘zida, uch yildan so‘ng esa o‘ng tomonida operatsiya qilinadi.

Shunda u vaziyatdan chiqish yo‘lini topib, FIFAdan himoya ko‘zoynaklarida o‘ynashga ruxsat so‘raydi. O‘z navbatida rasmiylar ham bunga rozilik beradi va Edgar ko‘zoynak taqqan birinchi va yagona futbolchiga aylanadi. Ko‘zoynakli Davidsning faoliyati yana 15 yil davom etadi va Italiya chempionati hamda Kubogida g‘oliblikni qo‘lga kiritadi.

Didye Drogba

Didye 14 yoshida birinchi marta bezgakka chalingandi, ammo bo‘lajak hujumchi tezda og‘ir kasallikdan forig‘ bo‘ladi. Uning ushbu kasallikka ikkinchi marta chalinishi esa 2010-yilning oxirida ro‘y beradi. Drogba bir oy davomida o‘zini yomon his qiladi va shundan keyingina shifokorlar bunga bezgak sababchi bo‘lganini aniqlaydi.

“Bu dahshatli edi. Biz uning buni (kasallik nazarda tutilmoqda) qayerda yuqtirib olganini tasavvur ham qila olmaymiz. Didye sport formasini va avvalgi kuchini yo‘qotdi”, – degandi “ko‘klar”ning o‘sha paytdagi bosh murabbiyi Karlo Anchelotti. Drogba uch oy davolandi, shundan so‘ng o‘ziga keldi va xastaligidan atigi bir yarim yil o‘tib, “Chelsi” g‘olib chiqqan 2011/12-yilgi Chempionlar Ligasi finalining asosiy qahramonlaridan biriga aylandi.

Pele

Futbol qiroli Pelening 1289 goli, mundiallardagi g‘alabalari (Pele 3 marta Jahon chempionligini qo‘lga kiritgan) haqida ko‘pchilik eshitgan. Ammo uning o‘spirinlik paytida qandli diabetning 1-turi bilan kurashgani aksariyat futbol ixlosmandlariga noma’lum bo‘lsa kerak. U taslim bo‘lmaydi, parhez tutishni boshlaydi va 17 yoshidayoq o‘zining birinchi Jahon Kubogini boshi uzra baland ko‘taradi. Qandli diabet bilan yengil jismoniy mashqlar qilish tavsiya etiladi, ammo braziliyalik kecha-yu kunduz shug‘ullanardi va aynan shu narsa uni qirol darajasiga olib chiqqan.

Nacho

12 yoshida “Real” futbolchisi shifokorlardan “Senga futbol bilan shug‘ullanishga ruxsat yo‘q”, degan gapni  eshitadi va bu “yangilik” yigitchani chuqur tushkunlikka solib qo‘yadi. Gap shundaki, Nachoda qandli diabetning 1-turi aniqlangandi. Vaqt o‘tishi bilan unga sport bilan shug‘ullanishga ruxsat beriladi, ammo u sog‘lig‘iga alohida e’tibor qaratishi, shakar va ovqatlanish ratsionini doimiy ravishda nazorat qilish lozim edi. O‘shandan beri Chempionlar Ligasining to‘rt karra g‘olibi har ovqat vaqtida shprisni olib, o‘ziga insulin yuboradi. Nachoning o‘zi “Real” akademiyasida ushbu holat barchaning e’tiborini tortgani, ammo bu uni yanada kuchliroq qilganini aytadi. Ispaniyalik har doim o‘z kasalligining yaxshi tomonlarini qidirishga harakat qiladi.

“Sport bilan shug‘ullanganingizda, kasallikning barcha noqulayliklari osonlashadi, bu menga faoliyatimda ham yordam bergan. To‘g‘ri ovqatlanish va dam olish – top-darajadagi sportchi uchun zarur omillar hisoblanadi”, – deydi Nacho.


Manba: "daryo.uz"
Категория: Sport olami | | Теги: Ronaldu, Bekhem kasalliklarni, Taniqli, messi, yengib o‘tgan, pele, Drogba, futbolchilar | Рейтинг: 0.0/0

Copyright © Tarona.net Media 2014-2024 | Все права защищены | Реклама |
Мы не несём ответственности за содержание. | Права на фильмы принадлежат их авторам. Все фильмы представлены только для ознакомления. |
Администрация не несет ответственности за размещенные пользователями нелегальные материалы! Любой фильм будет удален по требованию правообладателя