Главная » 2016 » Ноябрь » 3 » Qotillik qurboniga aylangan o‘zbek shou-biznesi vakillari
14:43

Qotillik qurboniga aylangan o‘zbek shou-biznesi vakillari


San’at ahli borki, oddiy odamlarga nisbatan badastir yashaydi. Ayniqsa, mashhur xonandalar, aktyor va boshlovchilarning yegani oldida, yemagani ortida. Ular boy-badavlat, to‘kin-sochin istiqomat qiladilar. Boylikka ega bo‘lmagan ko‘pchilik odamlar esa boylik egalarini yomon ko‘rishadi. Ularda hasad o‘ti lovullab yonadi, nafslari jilov topmay qoladi. Natijada ayrimlar qotillikka qo‘l uradilar. Biz quyida tilga olajak uch qotillik aynan nafsga mutelik tufayli sodir bo‘lgan edi, deb yozadi jurnalist Anvar Namozov “Sayyod.com” saytida chop etilgan maqolasida

Laylo Aliyev (1975 – 1998)

Bugungi yoshlar Laylo Aliyevni tanimasliklari mumkin. Ularga Rayhonu Shahzoda bo‘lsa kifoya. Vaholanki, 18 yil muqaddam Laylo, hozirgi tilda aytganda “megayulduz” edi! Laylo Aliyev 1975 yili Samarqandda tavallud topgan. Uning bolaligi Toshkentda o‘tdi. Qizaloqning chiroyli ko‘zlari go‘dakligidan e’tiborni tortdi. Ikki yoshida “Moda” jurnalida rasmlari chiqdi. Dastlab poytaxtdagi 110-maktabda, keyin xoreografiya bilim yurtida tahsil olgan Laylo tengdoshlari orasida yaqqol ajralib turardi. “Semurg‘” oromgohidagi “Go‘zallik” tanlovida yuqori o‘rinni olganida u 10 yoshda edi. Laylo ham qo‘shiq kuylar, ham raqs tushardi. Keyinchalik televizor ekranida paydo bo‘ldi. Bir nechta videokliplari chiqdi. Muxlislar orttirdi, san’at ahlining hurmatiga sazovor bo‘ldi. Biroq aynan hamkasblari tomonidan vahshiylarcha o‘ldirilishi Layloning yetti uxlab tushiga ham kirmagan edi. Uning suratlari orasida bo‘ynida tilla zanjir, barmoqlarida oltin uzuklar taqib tushgan rasmlari ham ko‘p. Laylo bolaligidan taqinchoqlarga o‘ch bo‘lgan. Aytishlaricha, buvasi yirik zargar o‘tgan. Buvisi ham bu hunardan boxabar edi. Layloning o‘ldirilishiga ana shu tilla taqinchoqlar sabab bo‘lgan. Mash’um kechada Laylo Aliyevning eshigini o‘sha paytda mashhur bo‘lgan “Al-Vakil” guruhining ikki nafar yigiti taqillatdi. Laylo ularni tanigani uchun ham mehmon sifatida qabul qildi. Aks holda yarim kechada eshigini ochmagan bo‘lardi. Biroz hol-ahvol so‘rab o‘tirishgach, ular kutilmaganda Layloga tashlanishdi. Ojiza ayol ikki erkakka qarshi nima ham qila olardi? Bu uning taqdiriga bitilgan so‘nggi kecha bo‘lib qoldi. Laylo Aliyev qirq ikki joyidan pichoqlab o‘ldirilgan. Qotillar uning barcha tilla taqinchoqlarini, hatto barmog‘idan chiqishi qiyin bo‘lgan uzugini sovun surkab sug‘urib olishgan. Ular jazolandi, oliy jazoga hukm qilindi, biroq endi Layloni tiriltirib bo‘lmasdi. U eng sara qo‘shiqlari jamlanmasini “Sen – mening orzum” deb nomlagan. O‘sha, 1998 yili Laylo 20 avgustdan 10 sentyabrgacha “Turkiston” saroyida konsert o‘tkazish uchun shartnoma ham tuzib qo‘ygan edi. Afsuski, yosh yulduzning 20 kunlik konserti o‘tkazilmay qoldi. Laylo Aliyev 23 yoshida vahshiylarcha o‘ldirildi. Layloni dafn etishgach, bir oy o‘tmay, otasi ham vafot etdi. U og‘ir musibatni ko‘tara olmadi. Laylo Aliyevdan yolg‘iz o‘g‘li Jasurbek yodgor bo‘lib qoldi.

Iskandar A’zamov (Skan Multi) (1978 – 2006)

Skan Multi taxallusi bilan tanilgan Iskandar A’zamov 1978 yilning 25 yanvarida tug‘ilgan. U kinorejissyor, ssenariynavis, televizion tasvirchi va aktyor edi. 1996 yildan e’tiboran o‘zbek televideniesida ishlay boshladi. “Kultpoxod”, “Avlod”, “Kompyuter-Aziya”, “Klipomet” ko‘rsatuvlarini tashkil etishda qatnashdi. 1997 yildan boshlab vafotiga qadar 100 ga yaqin musiqiy videokliplarni suratga oldi. 2003 yili Moskvada, STS kanalida postanovkachi operator bo‘lib ishladi (“Utro s Kirkorovim” va boshqalarda). Yodingizda bo‘lsa, Skan Multining “Xo‘ja Nasriddin: o‘yin boshlanadi” nomli badiiy filmi rosa reklama qilingandi. Bosh rollarni Iskandarning o‘zi va xonanda Sogdiana ijro etishgandi. O‘shanda bu san’atkorlar o‘rtasida ishqiy munosabatlar borligi haqida gap-so‘zlar ham chiqqan. Mazkur ovozalar qanchalik rost yoki yolg‘on, ammo Sogdiana fevral oyida Moskvaga uchib ketgani haqida ma’lumotlar bor. “Xo‘ja Nasriddin: o‘yin boshlanadi” – hech qaysi kinoasar yarim yil mobaynida reklama qilinmagan bo‘lsa kerak. Rolikda filmdagi eng qiziq lavhalar berilgandi. Bu esa tomoshabinlarning qiziqishini yanada kuchaytirib yubordi. Biroq, xuddi Mo‘min Oripov kabi Skan Multi ham o‘z filmining premerasiga yetib kela olmadi. 2006 yilning 23 iyun kuni u 28 yoshida o‘zining uyida ikki nafar yigit tomonidan shafqatsizlarcha pichoqlab o‘ldirildi. Skan Multi qotillar bilan shaxsan tanish bo‘lgan. Ular Iskandar A’zamovning xizmatini ado etib yurgan mardikor yigitlar edi. Qotillarning Skan Multini o‘ldirishdan muddaosi pul bo‘lgan. Pichoq bilan berilgan zarbalar uning umriga yakun yasadi. Kompyuterda ishlab o‘tirgan Skan Multi o‘z hayotiga tajovuz qilishlarini kutmagan ham. Qotillar uning orqasiga va yuragiga bir necha marta pichoq urishgan. Jinoyatchilar yirik ko‘lamdagi kinokomediyani suratga olgan rejissyorning uyida boylik ko‘p deb o‘ylashgandi. Bunday bo‘lib chiqmadi. Qotillar ushlanib, tegishli jazolarini olishdi.   

Rahmatilla Mirzaev (1955 – 2015)
Rahmatilla Mirzaev 1954 yil 22 sentyabrda Toshkentning “Qashqar” mahallasida tug‘ilgan. U bolaligida otasidan yetim qoldi. O‘rta maktabdan so‘ng o‘sha davrda Toshkent teatr va rassomchilik instituti deb ataluvchi, bugungi kunda Toshkent madaniyat va san’at institutining aktyorlik bo‘limiga o‘qishga kirib tahsil oldi. 1976 yili televidenieda o‘tkazilgan diktorlar tanlovida ishtirok etib, yuzlab nomzodlar ichida g‘oliblar qatorida ishga qabul qilindi. Shu-shu, faoliyati TVda o‘tdi. “Axborot” va boshqa dasturlarni olib bordi. “Dildagi gaplar” ko‘rsatuviga mualliflik qildi. U har qanday ko‘rsatuv va dasturga professional darajada yondashardi. Ko‘rkam qiyofasi, o‘ktam ovozi tufayli ko‘plab tomoshabinlar qalbidan joy egalladi. Bir diktor qilishi kerak bo‘lgan hamma ishni muvaffaqiyatli uddaladi. U to‘ylarda o‘rtakashlik, konsertlarda konferanselik ham qildi. Uzoq yillar TVda faoliyat ko‘rsatgan Rahmatilla Mirzaev 2014 yilning 22 sentyabrida o‘zining 60 yoshini qarshiladi. U O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasining oliy toifali, unvonli suxandoni edi. Rahmatilla Mirzaev rollar ijro etgan videofilmlar yaxshi ma’lum. U salbiy qahramonlarni ham qoyillatib o‘ynagan. R.Mirzaev uch farzandning otasi va bir nevaraning bobosi edi. Aytishlaricha, Rahmatilla aka qanchalik mashhur bo‘lmasin, nihoyatda kamtar, sodda bo‘lgan. Ko‘chada qiynalgan kampir yoki cholga ko‘zi tushsa, mashinasini to‘xtatib albatta olib ketgan. Kimnidir shifoxonaga yotqizishga to‘g‘ri kelsa, ko‘maklashgan. Juda ko‘plab insonlarga yaxshilik qilgan. Uylaridan odam arimasdi. Yana bir gap: Rahmatilla aka nihoyatda shoshib yurgan. Bir umr shunday bo‘lgan. Doimiy ravishda shoshilgan odamlarning taqdiri esa... qandaydir ayanchli tugaydi deyishadi. Rahmatilla Mirzaevning oilasi ikkita edi (ikkinchisi – shar’iy). Birinchi oilasidan ikki nafar – Zarifa va Umidjon, ikkinchisidan bir farzand – Shodiya dunyoga keldi. Ammo umrining oxirlarida yakka o‘zi yashagani haqida ma’lumotlar bor.

2015 yilning 1 mart kuni R.Mirzaev qizi Shodiya bilan G‘ulomjon Yoqubovning konsertiga boradi. Konsertni tomosha qilishadi. O‘sha kuni yakshanba edi. Konsertdan keyin qizini onasining yoniga yuborgan R.Mirzaev hovlisiga yo‘l oladi. Ertasiga, 2 mart kuni erta tongda u o‘z uyining yerto‘lasida pichoqlab o‘ldirildi. 60 yoshli R.Mirzaev Zangiota tumanining Chuvalachi qishlog‘ida istiqomat qiluvchi 21 yoshli K.Shoazizov tomonidan shafqatsizlarcha o‘ldirildi. Dastlabki tergov davomida jinoyatga suxandonning o‘g‘li U.Mirzaev ham aloqador ekanligi aniqlandi. Jinoyatchilar uzoq muddatlarga ozodlikdan mahrum etildilar.


Manba: "darakchi.uz"
Категория: Mutoala sahifa | | Теги: qotillik, qurboniga aylangan, o‘zbek shou-biznesi vakillari | Рейтинг: 0.0/0

Copyright © Tarona.net Media 2014-2024 | Все права защищены | Реклама |
Мы не несём ответственности за содержание. | Права на фильмы принадлежат их авторам. Все фильмы представлены только для ознакомления. |
Администрация не несет ответственности за размещенные пользователями нелегальные материалы! Любой фильм будет удален по требованию правообладателя