Главная » 2018 » Март » 29 » Ommaviy madaniyatning yoshlar tarbiyasiga tahdidi
20:30

Ommaviy madaniyatning yoshlar tarbiyasiga tahdidi


Bugungi kunda xalqimiz orasida hamda OAV orqali “Ommavimy madaniyat” milliy ma’naviyat va madaniyatimizga yod bo‘lgan illat ekanligi xususida baxs munozaralar atroflicha davom etmoqda. Qo‘shtirnoq ichidagi “Ommaviy madaniyat”ning ta’siri va salbiy oqibatlari nafaqat yoshlarimiz tarbiyasiga, milliy san’atimizga balki, yoshi katta insonlarimizning kiyinish uslubida, xayot tarzida aks etayotgani yaqqol ko‘zga tashlanmoqda. Globallashuv jarayonlari “Ommaviy madaniyat”ni jadallashtirmoqda. Bu niqob ostida ish ko‘rayotganlarning hatti-harakati asrlar davomida sayqal topib kelayotgan milliy an’ana va qadriyatlarimizga hurmatsizlik, bepisandlik, ularni yo‘q qilishga qaratilgan tahdidlar mamlakatimizdagi har qanday ma’naviyati to‘kis insonni tashvishga solmay qo‘ymaydi.
Bugun dunyoning ma’naviy qiyofasiga nazar tashlasak ahloqsizlikni, madaniyatsizlikni, ma’naviyatsizlikni erkinlik deb bilish, milliy urf-odatlar va qadriyatlarni mensimasdan, eskilik sarqiti deb qarash bilan bog‘liq holatlar ma’naviy hayotga, oila muqaddasligi va yoshlar tarbiyasiga katta ta’sir etmoqda, xavf solmoqda. Ayniqsa, yoshlarimiz omma orasida o‘zini tutishi etiketlariga rioya qilmasligi, yoshi katta insonlarni, ustozlarini, joyi kelsa ota-onasiga ham xurmatsizlik qilayotganini ochiq aytishimiz mumkin.
2017 yilning 3 avgust kuni Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevning yurtimiz ijodkor ziyolilari vakillari bilan uchrashuvi soha rivojida yangi tarixiy davrni boshlab berdi. Ana shu uchrashuvda milliy ma’naviyatimiz, madaniyatimiz, adabiyotimiz va san’atimizni rivojlantirish bilan bog‘liq dolzarb masalalar tanqidiy tahlil qilinib, ularni hal etish yo‘llari, ijodiy uyushmalar va davlat tashkilotlari oldida turgan muhim vazifalar ko‘rsatib berilgan edi.
Bir haqiqatni hech qachon esimizdan chiqarmasligimiz kerak, mamlakatimizda madaniyat va san’at taraqqiy etmasa, jamiyat rivojlanmaydi, dedi Prezidentimiz. Xalqimizning rivojlanish darajasi, avvalo, milliy ma’naviyat vamadaniyatimizga qarab baholanadi. Shu ma’noda, madaniyat va ma’naviyat– bu xalqimiz, jamiyatimiz qiyofasidir. Biz O‘zbekistonning yangi qiyofasini yaratishga kirishgan ekanmiz, buni, avvalo, milliy madaniyatimizni rivojlantirishdan boshlashimiz lozim.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 22 dekabr kuni Oliy Majlisga taqdim etilgan Murojaatnomasida ham mazkur soha rivojiga alohida urg‘u berilib, xalqimiz, jamiyatimizning ma’naviy yuksalishida madaniyat va san’at ahli oldida turgan vazifalar aniq bayon qilindi.
Darhaqiqat ertangi kunimiz egalari “Ommaviy madaniyat”ni turli xil ko‘rinishlarini ekran orqali namoyish etilayotgan nafaqat xorijiy telekallardagi san’atkorlardan andoza olishmoqda, balki yurtimizdagi ba’zibir xonandalarning kiyinish madaniyati, instagram tarmog‘idagi suratga tushgan rasmlaridan ham ko‘chirma qilishmoqda. Natijada esa yoshlarimiz kundalik xayot tarzini reja asosida Vataniga nafi tegadigan mehnat bilan band etish o‘rniga, shunchaki foydasiz mashg‘ulotlar bilan o‘tkazib yubormoqda. Aybni faqat san’at ahliga qo‘yishimiz noto‘g‘ri. Lekin, bugungi kun talaba-o‘quvchilari milliy mintaliteti shakllanishida qo‘shiqchilarning omma oldida o‘zini tutishi, kiyinish madaniyati kabi “Ommaviy madaniyat” turkumiga kiruvchi zararli odatlari ta’sir etmayapti deya olmaymizku.
Internet yoshlarimizning bilim salohiyatini oshirish bilan bir qatorda ongini zaharlovchi manbaa sifatida ham ta’sir o‘tkazayotgani hech kimga sir emas. Bugungi kunda milliylikka rahna soluvchi, ko‘proq g‘arbga xos bo‘lgan pornografiyani targ‘ib qiluvchi dasturlarning berilishi kuchaymoqda.
“Ommaviy madaniyat” oqimini olib kiruvchi kushandalardan biri internet tarmoqlaridagi turli xil ko‘rinishdagi foto va video lavhalardir. Ammo har bir jinoyatni oldini olish mumkin bo‘lgani kabi, axborot asrida, rivojlanish jarayonlarida atrofimizda ro‘y berayotgan voqea- hodisalarning foydali va zararli tomonlarini tez ilg‘ay olish, tahlil qilish, ogoh bo‘lish, bu haqda to‘g‘ri xulosa chiqarish orqaligina madaniy, ma’naviy qaramlikning oldini olishga erishishimiz mumkin.

“Ommaviy madaniyat” ta’siri ostida yoshlarni qotilikka da’vat etuvchi turli kompyuter o‘yinlari, shuningdek televidenie orqali namoyish etilayotgan behayolikni oshkora targ‘ib qiluvchi turli filmlar o‘smir yoshidagi yigit va qizlarimizni milliy madaniyatimizni poymol qilib andishasizlikka chorlovchi bu kabi jarayonlarga befarq bo‘lish aslo mumkin emas.
Eng yomoni, bunday hurujlar hayotning barcha jabhalariga ta’sir ko‘rsatishga urinmoqda. Bunday tahdid va hurujlarning asl mohiyati, ularning g‘arazli maqsadlari, namoyon bo‘lish shakllarini o‘zimizga aniq tasavvur qilib, bu borada nafaqat himoyalanish, ayni paytda bunga qarshi kurashishning ma’naviy usullarini puxta egallashimiz kerak.
“Ommaviy madaniyat”ga, turli tahdidlarga qarshi kurashishda, avvalo oilada ma’naviy tarbiyaviy muhit muhim o‘rin tutadi. Ma’naviy tarbiya oilada, so‘ngra esa mahallada shakllantira olinsa, bunda hech qanday ma’naviy bo‘shliqqa joy qolmaydi.
Shunday ekan yoshlarimiz ularning qay jihatlarini o‘zlashtirish, qaysi biridan foydalanmaslikni yaxshi bilishlari lozim. Internet orqali axborot hurujlari va mafkuraviy tahdidlarning kirib kelishi ham “ommaviy madaniyat”ning salbiy ta’sirlaridan biri bo‘lib, avvalo yoshlarning ongini egallashga yo‘naltirilgan, ohangrabo singari ularni o‘ziga rom etmoqda.
Internet, turli xil reklama, kinolar yoshlar ma’naviyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatib, mamlaktimizning necha asrlik an’ana va urf-odatlari, qadriyatlari bilan qorishib ketish ehtimolini kuchaytirmoqda.
Ayrim yoshlarning g‘arb madaniyatiga taqlid qilib internet saytlariga har xil ko‘rinishda tushgan suratlarini joylashtirayotganligi, qo‘l telefonlariga behayolikni targ‘ib qiluvchi fotosuratlar va videofilmlarni ko‘chirib olayotganligini ko‘rib, achinasan kishi.
Mamlakatimizda osoyishtalik va xotirjamlikni ardoqlab, fuqarolar, ayniqsa yoshlar ilmli, ma’rifatli bo‘lib, ilm-fan yo‘lida erkin ijod qilishlari faqat yaxshilik sari intilishga xizmat qiladi. Bular esa o‘z navbatida chetdan kirib keladigan “ommaviy madaniyat” illatlarining zararli ta’sirlari, tahdidlari, turli ma’naviy tajovuzlar o‘z ta’sirini o‘tkaza olmasligini ta’minlaydi.
Yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzi tamoyillarini qaror toptirish, ma’naviyatimiz, an’analarimizga yot bo‘lgan “ommaviy madaniyat”dan, turli axborot hurujlaridan muhofaza qilish shu yurtda yashayotgan har bir insonning burchi ekanligini anglab yetishimiz hamda zararli illatlarga qarshi kurashishning tashabbuskori, yetakchisiga aylanishimiz shartdir.

Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi
bosh mutaxassisi
Shahnoza Tojiddinova


Manba: "hordiq.uz"
Категория: Mutoala sahifa | | Теги: Ommaviy madaniyat | Рейтинг: 0.0/0

MAVZUGA OID MA'LUMOTLAR

Copyright © Tarona.net Media 2014-2024 | Все права защищены | Реклама |
Мы не несём ответственности за содержание. | Права на фильмы принадлежат их авторам. Все фильмы представлены только для ознакомления. |
Администрация не несет ответственности за размещенные пользователями нелегальные материалы! Любой фильм будет удален по требованию правообладателя