13:50 Olimlar COVID-19’ning murdadan tirik odamga yuqishi bo‘yicha birinchi holat kuzatilganini ma’lum qildi | |
Mualliflarning qayd etishicha, Bangkokda ishlovchi sud-tibbiyot ekspertizasi xodimining kasallanishi COVID-19 infeksiyasini o‘lgan odamdan yuqtirib olish bo‘yicha birinchi holatga aylandi. Mutaxassislarning taxminicha, bemor koronavirusni ish joyida emas, xorijdan kelgan odamlar bilan muloqotda yuqtirgan bo‘lishi ham mumkin. Sababi u vafot etgan paytda, ya’ni 20-mart kunigacha Tailandda kasallik yuqtirib olganlar, asosan, chet el davlatlaridan kelgan fuqarolar bo‘lgan. Koronavirusning o‘liklardan ham yuqish xavfi borligi tufayli tadqiqot mualliflari sud-tibbiyot ekspertlaridan tibbiyot niqoblari, ko‘zoynaklar va boshqa tibbiy himoya vositalari bilan ishlashni tavsiya qilgan. “Murdani yorib ko‘rish va boshqa operatsiyalar sud-tibbiyot ekspertlarining koronavirus yuqtirib olish xavfini oshiradi”, — deya vaziyatga izoh bergan Nyu-Heyven universiteti olimi Sammer Makgi. Yevopa kasalliklar profilaktikasi va nazorati markazi (ECDC) hisobotida ham COVID-19’ning odam murdasi orqali tirik insonga yuqishi mumkinligi, biroq ushbu holatning ehtimoli past ekani ma’lum qilingandi. Hisobotda kasallikdan vafot etgan odamga yaqinlashishga to‘g‘ri kelganda, barcha tibbiy himoya vositalaridan foydalanish lozimligi qayd etilgandi. “SARS-CoV-2 virusi bir necha kun davomida turli buyumlar va atrof-muhitda yashay olishi sabab uning o‘lgan tanada ham ma’lum vaqt qolishi mumkinligini taxmin qilish mumkin”, — deyilgan ECDC hisobotida.
Manba: "daryo.uz"
| |
|