Главная » 2018 » Апрель » 26 » Oiladagi Janjallar bolalar taqdirida
21:12

Oiladagi Janjallar bolalar taqdirida


Bolani Yaratuvchidan tilab olamiz, tug‘ilishini intiqlik bilan kutamiz, so‘ng esa, bilib-bilmay murg‘ak jonni ozorlashda davom etamiz. Aksariyat ayollar turmush o‘rtog‘i bilan g‘ijillashib qolishsa, bor alamini boladan oladilar. Ba’zan ruhiy tanglik o‘tib ketgach, bo‘lar-bo‘lmas bahona topib, aybsiz bolani urishaverganlari farzandimni quchoqlab yig‘laydilar, ich-ichidan o‘zini ming bor urishadilar, endi tang vaziyatda bolamdan alamimni olmaslikka qasam ichadilar, navbatdagi dilxiralikdan keyin esa... yana o‘zlarini qo‘lga ololmay qolaverishadi. Tinimsiz bolani urishaverishadi, tanbeh beraverishadi. Shu yoshga kirib o‘zi ham amal qilavermaydigan ba’zi qoidalarga atigi 3 yoshga kirgan bolani bo‘ysundirishga harakat qilishadi: uyga kirayotganda oyog‘ini artib kirish, shippagini bir chekkaga taxlab qo‘yish, qo‘lini tez-tez sovunlab yuvib turish va hokazo. Agar shulardan birini unitib qo‘ysa, jazolashning ming xilini o‘ylab ko‘rishadi: ko‘chada o‘ynashiga ruxsat bermaslik, o‘yinchoqlarini yuvib-yig‘ishtirib chiqish, muzqaymoq olib bermaslik va hokazo.

U bola-ku, ering bilan munosabatlaringni boshqarolmaganing uchun endi bolangni tinimsiz tanbehlar bilan urishib, boshqarishga harakat qilayapsanmi, deb haqiqatni tik aytadigan odam yo‘qdirda atrofida. Biroq bir narsani aniq bilaman, agar ayolning kayfiyati doim yaxshi bo‘lsa, bu oilada ruhan tetik, o‘ziga ishongan farzandlar ulg‘ayadi. Bolamizning yoshida o‘zimizham o‘nlab, yuzlab xatolar qilganmiz. Ota-onamiz yaxshi gap va to‘g‘ri tushuntirish bilan tarbiyalab borishgan. Masalan, men farzandim biron idishni sindirib qo‘ysa, kamida ming‘illab dashnom beraman, o‘zim bola ekanimda esa butun boshli servantni ag‘darib yuborganman. Hamma asl idishlar chil-chil singandi. Ota-onam “O‘zingga hech narsa qilmagan bo‘lsa bo‘ldi”, deyishgan. Farzandga nisbatan kechirimli bo‘lish onaning zimmasidagi katta farz.

Hech bir ayol turmush o‘rtog‘ining xiyonatini xotirjam qabul qilolmaydi. Ba’zi g‘ururli juvonlar o‘zga ayol bilan erini “baham ko‘rib” yashagandan ko‘ra, yaxshisi, ajrashishni ma’qul ko‘rishadi. Shosha-pisha ko‘ch-ko‘ronini yuklab, farzandini iziga solib ota uyiga yo‘l olishadi va sudga ariza berib, ajrim da’vosini boshlaydilar. Mahalla faollari, qarindosh-urug‘ va oila kattalarining gapiga hech bir quloq solmay, ajrashib ketishadi. Ya’ni, raqibasining hiyla-nayrangiga osongina taslim bo‘ladi-qo‘yadi.Ertaga farzandlari katta bo‘lishganidan so‘ng nima sababdan otasiz katta bo‘lganliklarining asl sababini onalaridan so‘raganlarida esa...

Agar ayol yashirmasdan borini oshkor etsa, bolalari aytmaydimi: “Bitta sharmandaga jahl qilib, bizni otasiz katta bo‘lishga hukm qildingizmi? Bunga haqlimidingiz?” – deyishlari turgan gap. Albatta, hammayam badavlat oilaning erka farzandi bo‘lib tug‘ilishni istaydi, biroq bolalar uchun umuman otasi yo‘q bo‘lganidan ko‘ra, ideal inson bo‘lmasa-da, otasining borligi yaxshiroq ekanligini hamma yaxshi biladi.

Aslida ayol kayfiyati yaxshilanishi uchun turmush o‘rtog‘ining bir og‘iz shirin so‘zi kifoya. Erkaklar rafiqalaridan yaxshi so‘zlarini ayashmasa, kim ko‘rganga “ilakishib”, bolalarini tirik yetim qilishmasa edi, siniq fe’lli “otasi bor otasizlar” har uch-to‘rt xonadonning birida ulg‘ayishayotgan bo‘lmasdi. Ruhshunoslar ta’kidlaganlaridek, eru xotin shaxsiy kelishmovchiliklarini bolalar oldida muhokama qilmasligi, har bir qarori bilan farzandi taqdiriga salbiy ta’sir ko‘rsatmasligi kerak.

Xalqimizda bir ibora bor: “Er-xotinning urushi — doka ro‘molning qurishi”. Oddiy so‘z bilan aytganda bu — oilaviy janjal deyiladi. Janjallar har doim o‘zining ishtirokchilari va kuzatuvchilariga yomon kayfiyat olib keladi. Surunkali “ur-qir”lar bilan yashaydigan oilalar ham bor. Oiladagi urushlar eng avvalo bolalar ruhiyatiga salbiy ta’sir o‘tkazadi. Ota-onasi yoqa bo‘g‘ishayotganda farzand qayoqqa qochishini, ularni qanday to‘xtatishni bilmay, kichkina yurakchasi zirqirab, qo‘rqqanicha turib qoladi. Balki er-xotin bir soatdan keyin hech nima bo‘lmaganday yana yalab-yulqashib ketishar, ammo farzand xotirjamligini yo‘qotib bo‘ldi. Endi uning tabiatda har galgi ota-ona janjalidan so‘ng navbatdagi kemtik ochilib boraveradi. Bolaning ko‘ngli sinadi. Xotirjamlik yo‘q muhitda bola uyidan soviydi, qalbi faryodga to‘lib, qo‘rqoq va odamovi bo‘lib qoladi. Yo‘q joydan bahona topib kunda to‘polon qiladigan telba otalar, tinch o‘tgan kuniga shukr qilmay, tovuqday qaqillab uyni boshiga ko‘taradigan shang‘i onalar...

Bunaqa oilalar qadamingizda. Nega? Nega shunday bo‘ladi? Odamlar nega OILAning qadriga yetmaydilar, farzandining ruhiy ahvolini mensimaydilar?

Qahraton qish kunida yupun kiyimda xotin, bola-chaqasini ko‘chaga haydagan uyatsiz erlarni, homilador ayoliga qo‘l ko‘targan bezbet kishilarni, otasining jahlidan qo‘rqib, haybatidan ot hurkadigan itning katagida sutkalab qolib ketgan farzandlarni ko‘rdim.

Jazmanining oldiga ketmasin deb oyog‘iga yiqilgan ayolini tepib, boshiga mushtlab chiqib ketgan erkaklarni ko‘rdim.

Rafiqasidan aroq uchun, giyohvand modda sotib olish uchun zo‘ravonlik bilan pulini tortib olayotgan badnafslarni ko‘rdim.

Ammo bularning hech biridan qo‘rquvdan dir-dir titrayotgan bolakay yo qizaloqning najot istagan ko‘zlaridan qo‘rqqanchalik qo‘rqmadim. Bularni ko‘rgan bolaning ne ahvolga tushini tasavvur qilavering, bir zum bola bo‘lib ko‘ring. Bamisoli to‘fon tortqilayotgan yaproq misol u. Dosh berolmay uzilib ketishi mumkin, ehtiyot bo‘ling. Bunga o‘zim eshitib, larzaga tushganim bir voqeani misol qilib keltiraman.

Bir yigitdan jiyanimga sovchi keldi. Sovchilikda ham, to‘y marosimlarida ham ota-onasining ishtiroki deyarli sezilmadi. So‘rab-surishtirsak, hech kim tayinli bir gap aytmadi. Keyinchalik bu sovuqlikning sababi ayon bo‘ldi. Kuyov bola ota-onasini yoqtirmas ekan. Bolaligidayoq ular har kuni janjallashishgan, hatto otasi bir kuni 6 yashar akasini ham onasiga qo‘shib do‘pposlabdi. Kuchli zarb tufayli boshi bilan cho‘yan isitkichga urilgan akasi o‘sha zahotiyoq vafot etgan. Bularning hammasini qo‘rquv bilan kuzatib turgan 5 yashar bolaning ko‘z oldida bu mash’um voqea bir umrga muhrlanib qolgan. Otasining hech nima bo‘lmaganday, haliyam tirik yurgani uning g‘azabini qo‘zitsa, shunday odam bilan hali-hanuz yashab kelayotgan onasidan nafratlanardi. Chunki ota-onasi bu voqeani hammadan sir tutib, “yopti-yopti” qilib yuborishgan. Ular qaysi vijdon bilan yashab yurishganiga hech toqat qilolmas ekan.

Keling, aziz ayollar, kezi kelganda farzandlarimiz tinchligi uchun ham tilimizni tiyib turishni o‘rganaylik. Agar erkak me’yordagi ota bo‘lolmasa, bunday ruhan nosog‘lom odamdan vaqtida ajrashib ketish kerakligini bilish lozim. Aks holda... yosh umringiz bir telbaning qo‘lida xazon misol so‘lib boradi.

Ey, siz oila ustunlari, oriyatli erkaklar! Xotirjamlik bo‘lmagan joyda sog‘lik ham, yaxshilik ham, beg‘uborlik ham bo‘lmaydi. Oila a’zolaringiz tinch yashashiga imkon bering, axir. Hech kim abadiy yashamaydi. Yaqinlaringni oldin azobga ko‘mib, keyin tuproqqa ko‘mgandan ma’ni yo‘q. Ahli ayolingizga va farzandlaringizga osudalik bering. Intihosiz g‘azabdan chekinishni o‘rganing.

Xosiyat RAJABOVA


Manba: "darakchi.uz"
Категория: Er-Xotin, Turmush psixologiyasi | | Теги: janjallar, Bolalar, Oila, taqdirida | Рейтинг: 0.0/0

Copyright © Tarona.net Media 2014-2024 | Все права защищены | Реклама |
Мы не несём ответственности за содержание. | Права на фильмы принадлежат их авторам. Все фильмы представлены только для ознакомления. |
Администрация не несет ответственности за размещенные пользователями нелегальные материалы! Любой фильм будет удален по требованию правообладателя