Главная » 2023 » Июль » 4 » O‘zbekistonliklar hayotida 1 iyuldan nimalar o‘zgardi?
14:49

O‘zbekistonliklar hayotida 1 iyuldan nimalar o‘zgardi?


Bugun, 1 iyuldan boshlab O‘zbekistonda bir qancha qarorlarda belgilangan tartiblar kuchga kirdi. QALAMPIR.UZ an’anaga ko‘ra milliy qonunchilikdagi o‘zgarishlar ro‘yxatini taqdim etadi.

“Yashil energiya” sertifikatini berish boshlandi

Elektrning qayta tiklanuvchi manbalar asosida ishlab chiqarilganini tasdiqlovchi “yashil energiya” sertifikati tizimi “O‘zbekgidroenergo” AJdagi gidroelektr stansiyalarida ishlab chiqarilgan elektr uchun joriy etildi.

“Shaffof qurilish” axborot tizimi ishga tushdi

Bugundan yuridik shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlar bilan elektr energiyasi hamda tabiiy gazni yetkazib berish bo‘yicha shartnomalar elektr va gaz ta’minoti korxonalarining dasturiy ta’minoti yoxud “Shaffof qurilish” milliy axborot tizimi orqali tuziladi.

Ayrim vino mahsulotlariga aksis markalar yopishtirilmaydi

Ko‘piklanadigan va tabiiy vino mahsulotlariga aksiz markalari qo‘yilmaydi.

Davlat ishtirokidagi korxonalar rahbarlari tanlov asosida tayinlanadi

Davlat ishtirokidagi korxonalarning rahbari va uning o‘rinbosarlarini tayinlash (saylash) tanlov asosida amalga oshiriladi, bundan Prezident qarorlarida nazarda tutilgan hollar mustasno. Shuningdek, davlat organlari va muassasalari, davlat ishtirokidagi korxonalar ma’muriy binolaridan xodimlar uchun belgilangan me’yordan kelib chiqib, samarali foydalanish tartibi joriy etiladi.

Ayrim tezkor-qidiruvlarda ekspress tekshirish texnik vositalari o‘sha joyning o‘zida qo‘llaniladi

Tezkor-qidiruv faoliyatini amalga oshiruvchi organlar quyidagi holatlarda: 

giyohvandlik vositalarining noqonuniy muomalasi bilan bog‘liq holatni qayd etishda aniqlangan modda (buyum)ning giyohvand vositasiga taalluqli ekanligiga shubha paydo bo‘lganda;
aniqlangan modda (buyum)ni giyohvandlik vositalarining qaysi turiga mansubligi bo‘yicha savol tug‘ilganda;
giyohvandlik vositalarining yangi turlari aniqlanganda;
tezkor-qidiruv tadbirlarini o‘tkazishda aniqlangan valyuta namunasi qalbaki ekanligiga shubha paydo bo‘lganida;
tezkor-qidiruv tadbirlari davomiyligini ta’minlash zarurati yuzaga kelganda, tezkorlikni amalga oshirish hamda tegishli vaqtni tejash maqsadida mazkur modda (buyum) yoki valyuta namunalarini ular aniqlangan joyning o‘zida yoki huquqni muhofaza qiluvchi organlar binosida ekspress tekshirish texnik vositalari yordamida tekshiradi.
Yoshlar uchun yangi stipendiya ta’sis qilindi

“O‘zbekiston Respublikasi Yoshlar siyosati va sport vazirligining stipendiyasi” joriy etildi. Bunda:

stipendiya miqdori mehnatga haq to‘lash eng kam miqdorining 3 baravari etib belgilanadi;
mazkur stipendiya tayinlangan sportchilarga Prezidentning tegishli qarorida belgilangan tartibda o‘zini o‘zi band qilish huquqi beriladi.
Shuningdek, sportchi identifikatsiya kartalari uchun to‘lovlar miqdori uch barobarga kamaytirilib, ulardan foydalanish muddati 5 yil etib belgilanadi.
Nodavlat futbol muassasalariga futbol assotsiatsiyasi a’zosi talabi qo‘yiladi

Nodavlat futbol muassasalari uchun O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi a’zosi bo‘lishi talabi o‘rnatiladi. O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi tomonidan nodavlat futbol muassasalarining reytingi yuritiladi.

Davlat organlarining AKT xodimlari malakasi oshiriladi

Davlat organlari rahbarlari raqamli texnologiyalar bo‘yicha 3 yilda bir marta malakasini oshirish yo‘lga qo‘yiladi.

Ayrim tadbirkorlar ishchilarining daromad solig‘i qaytarib beriladi

2023 yil 1 iyuldan 2024 yil 1 iyulgacha issiqxonaga ixtisoslashgan yer maydoni 25 sotixdan ko‘p bo‘lgan tadbirkorlar tomonidan ishchilarining mehnatga haq to‘lash tarzidagi daromadlari bo‘yicha to‘langan jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘ini quyidagi shartlarga bir vaqtning o‘zida rioya qilinganda tadbirkorlarga qaytarib berish tartibi joriy etiladi:

har bir 5 sotix yer maydoni uchun oyiga kamida 1 nafar ishchining bandligini ta’minlash;
har bir ishchi uchun oyiga mehnatga haq to‘lash tarzidagi daromadni mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 1 baravaridan kam bo‘lmagan (980 ming so‘m) miqdorda belgilash;
issiqxonaga ixtisoslashgan tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan issiqxona faoliyati bo‘yicha olgan daromadlari joriy hisobot (soliq) davri yakunlari bo‘yicha jami daromadning kamida 60 foizini tashkil etish shular jumlasiga kiradi.
Fermer xo‘jaliklariga 2023 yil 1 iyun holatiga shakllangan suv solig‘idan qarzini 12 oy mobaynida teng ulushlarda foizsiz bo‘lib-bo‘lib to‘lashga ruxsat etildi.

Ekologiya va atrof-muhitga oid o‘zgarishlar

 “Jamoatchilik ekologiya nazoratchisi” tizimi joriy qilinadi;
chiqindi poligonlarini xususiylashtirish taqiqlanadi; 
qattiq maishiy chiqindilarni to‘plash, olib chiqib ketish bo‘yicha aholiga ko‘rsatilgan xizmatlar uchun vujudga kelgan qarzdorlikni majburiy tartibda undirish uchun sudga da’vo arizalari sanitar tozalash xizmatlarini ko‘rsatuvchi korxonalar tomonidan kiritiladi.
Ayrim normativ-huquqiy hujjatlpr loyihalarini ishlab chiqish taqiqlanadi

Jahon savdo tashkiloti qoida va me’yorlariga muvofiq bo‘lmagan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqish taqiqlanadi.

Hunarmandchilik mahsulotlarini eksport qilishda xalqaro pochta va kurerlik xarajatlarining bir qismi qoplab beriladi

Hunarmandchilik mahsulotlarini eksport qilishda xalqaro pochta va kurerlik jo‘natmalari sifatida jo‘natish xarajatlarining 50 foizi, biroq mahsulot eksport qiymatining (jo‘natish xarajatlarisiz) 50 foizidan ortiq bo‘lmagan qismi qoplab beriladi.  Davlat mulki bo‘lgan moddiy madaniy merosning ko‘chmas mulk ob’ektlarini hunarmandchilik faoliyati bilan shug‘ullanish uchun faqat milliy katalog va reyestrga kiritilgan hunarmandlarga elektron onlayn-auksion orqali ijaraga berish tartibi joriy etiladi.

Manba: "qalampir.uz"
Категория: Mahalliy Habarlar | | Теги: 1 iyuldan, hayotida, O‘zbekiston, nimalar, o‘zgardi? | Рейтинг: 0.0/0

Copyright © Tarona.net Media 2014-2024 | Все права защищены | Реклама |
Мы не несём ответственности за содержание. | Права на фильмы принадлежат их авторам. Все фильмы представлены только для ознакомления. |
Администрация не несет ответственности за размещенные пользователями нелегальные материалы! Любой фильм будет удален по требованию правообладателя