19:40 “Niqob taqmagan edim”. AQSHdagi o‘zbek oilasi koronavirusga chalingani haqida so‘zlab berdi | |
Nyu-Yorkda yashovchi o‘zbeklar tomonidan "Kichik O‘zbekiston" deb nom berilgan Bruklin tumanida yashovchi Ergashevlar oilasining koronavirusga chalingani aniqlandi. Bu haqda "Amerika Ovozi" xabar berdi. Ta’kidlanishicha, toshkentlik Ulug‘bek Ergashev asli navoiylik Mehriniso Ergasheva bilan AQSHda 6 yildan buyon yashab kelmoqda. Ularning 4 nafar farzandi bor. Ma’lum qilinishicha, oiladagi hamma koronavirusga yo‘liqqan. Hattoki, 6 oylik chaqaloqlari ham. Mehriniso koronavirusning yuqtirish sabablaridan biri qilib, odamlar ko‘p joylarda tibbiy niqob taqmaganligini keltirib o‘tdi. Uning aytishicha, faqat kasal odamlar niqob taqib yurishi kerak, deb o‘ylagani uni ushbu himoya vositasini taqmasligiga sabab bo‘lgan. Oila bekasining ma’lum qilishicha, kasallik avval tomoqdagi qichishish bilan boshlangan. Ikki kun o‘tib, butun tanada og‘riq paydo bo‘lgan.
Mehrinisoning aytishicha, u shifokorga borganida unga koronavirusga chalinganini aytishgan. Biroq o‘zbekistonlik ayol bunga ishonmagan. So‘ngra test topshirgan. Testda unda COVID-19 kasalligi aniqlangan.
Ta’kidlanishicha, ular uy sharoitida shifokorlar bilan videomuloqot orqali gaplashib, o‘zlari davolanishmoqda. Hozirda er-xotin hid sezishmayotgan bo‘lsa-da, farzandlari sog‘ayib bormoqda. Mehriniso Ergasheva buni sinov deb hisoblab, Allohdan ko‘mak so‘ramoqda.
Manba: "qalampir.uz"
| |
|