22:03 “Nasaf” 8 mlrdlik o‘yinda g‘alaba qozonib, 10 yildan so‘ng yana finalga yo‘l oldi | |
Bugun, 20 oktyabr kuni Qarshining “Nasaf” klubi OFK Kubogining yarim finalida Gonkongning “Li Man” jamoasini yengib, final yo‘llanmasiga ega bo‘ldi. Uchrashuv tezkor gol bilan boshlandi, 5-daqiqada Gonkong jamoasi himoyachisi o‘z darvozasiga gol kiritib qo‘ydi. 26-daqiqada esa Husayn Norchayev oradagi farqni ikkitaga oshirdi. Biroq ikkinchi 45 daqiqalikda “Li Man” futbolchilari ketma-ket 2 ta gol urib, muvozanatni tiklashga muvaffaq bo‘ldi. Birinchi gol himoyachilarning qo‘pol xatosidan keyin kiritilgan bo‘lsa, ikkinchi vaziyatda “ajdarlar” darvozasiga penaltidan gol urildi. 2:2 hisobi uchrashuvning asosiy vaqtida saqlanib turdi. Shundan so‘ng jamoalar g‘olib nomini aniqlash uchun qo‘shimcha bo‘limlarga murojaat qildi. 105+1-daqiqada Andriya Kaluderovich super zarba yo‘llab, darvozani ishg‘ol qildi va bu gol qarshiliklarga g‘alaba keltirdi. Shu tariqa “Nasaf” OFK Kubogi yarim finalida qiyin g‘alabaga erishib, musobaqa finaliga yo‘l oldi. So‘nggi bora jamoa bundan 10 yil avval OFK Kubogi finaliga yo‘l olgandi. O‘shanda “ajdarlar” chempionlikni tantana qilgan. Eslatib o‘tamiz, bu o‘yindagi g‘alaba uchun Qarshi jamoasi 750 ming AQSH dollari (8 mlrd 250 million so‘m) miqdorida pul mukofotiga ega bo‘ldi. Final g‘olibi esa 1,5 million AQSH dollari miqdorida mukofotga ega bo‘ladi.
Manba: "qalampir.uz"
| |
|