Главная » 2016 » Октябрь » 26 » Kichik peshanamga bitgan katta baxt
11:53

Kichik peshanamga bitgan katta baxt


Shunday yelka bo‘lsa, boshingni bemalol qo‘ysang, shunday yurak bo‘lsa, tuyg‘ularingni ikkinlanmay topshirsang... Uzoq izladim, to‘g‘rirog‘i, haddan ziyod kutdim... Sizsiz o‘tgan yillarimga achinmayman, Sizni tanib-tanimay kutganimdan minnatdorman... Atrofimdagilar menga hamisha vaqtning o‘tayotganini, tezroq oilali bo‘lish va onalik baxtiga erishish shartligini aytardi. Ba’zida «Ular to‘g‘ri aytayapti, shosha qol, tavakkal turmushga chiq», derdi notanish ovoz. Shunda ichki bir hayqiriq, «Allohning atagani bor, sabr qil, fursati keladi», deya taskin berardi. Ikkinchi ovoz orzularimga yaqin edi, balki o‘sha orzumning ovozimidi, yana bilmadim...

Ayol shunday bir xilqatki, erishmoqchi bo‘lsang, uning mehrini ko‘zla... Qachon qaerda eshitganman yoki o‘qiganman aniq bilmayman, ammo to‘g‘ri gap. Agar kimdir sizni muhabbatingizni qozonib evaziga yana muhabbat qaytarsa bilingki, bu BAXT! Bugun yuragimda Sizga atalgan minnatdorchilik bor. To‘g‘risi, har kuni qaysidir so‘zim, qandaydir vaziyatlarda izhorlarim aytiladi. Lekin ular dengizdan tomchilarga o‘xshaydi. Men esa hamisha Sizga o‘sha DENGIZni ilingim keladi...

Odam zoti g‘alati, o‘ziga nima kerakligini ba’zida bilmaydi, yoki bilsa ham o‘zini qiynayveradi. Onam «Sen bilan yashash qiyin», derdi. «Nima uchun, binoyidek qiz bo‘lsam?» derdim yarmi hazil, yarmi chin bilan... Har safar onamning o‘sha shirin kinoyasini eslab, sizdan «Yashashga qiynalmayapsizmi?» deb so‘rayman. Siz bo‘lsa, kulib qo‘yasiz... Bu hazil savoldir, lekin javobini jiddiy eshitgim keladi. Shunchaki tabassum xayolning ming bir ko‘chasiga elitadi va men o‘sha ko‘chalarda adashib ketaman... Bugun Siz haqingizda yozgim keldi. To‘g‘risi, nima deb boshlashni bilmay qiynaldim. Boshladim, endi esa qanday davom ettirishga hayronman... Bu Sizga aytadigan gaplarim yo‘qligidan emas, shunchaki YoZA OLMASLIGIMdan. Ammo urinib ko‘raman!

Juda g‘alati odamsiz. Nima uchundir shu g‘alatiligingizni yaxshi ko‘raman. Ba’zida Sizga nima kerakligini bilmay tajang bo‘lib ketaman. Tuzi past ovqatimni maqtaysiz, nimagadir ulgurmasam, «Hechqisi yo‘q, amallaymiz», deb taskin berasiz. Shunda jahlim chiqadi. «Mening harakatlarim yaxshi emas-ku, nima uchun asabiylashmaysiz?» deb so‘ragim keladi. Keyin Sizni befarqlikda ayblayman... Ba’zida Siz uchun kun bo‘yi uringanimni sezmaysiz. Uyning sarishtaligi, toamnomadagi o‘zgarishlar va mening ko‘rinishim... Xuddi odatiy kundek munosabat... O‘ylab ko‘rdim va o‘zimcha javob ham topgandekman. Men ham ba’zida Sizni va urinishlaringizni ilg‘amay qolarkanman, e’tiboringizga qandaydir tashvishlar bilan javob bera olmasam, endi eslayapman hafsalangiz pir bo‘lar ekan... Kechiring!

Peshona, taqdir... Mening kichkina peshonamga Sizdek katta baxt bitilganiga shukr. Lekin Siz uchun ham Men faqat va faqat BAXT ekanligimni his etishga imkon bering. Bu juda muhim! Hozir juda g‘alati yozayapman, kimdir o‘qisa, xayoli parishon shekilli, deb o‘ylashi mumkin. Mayli o‘ylayversin, muhimi Siz meni nima demoqchiligimni anglasangiz bas. O‘zingiz aytgansiz-ku, Seni uzoqdan bo‘lsa-da ilg‘ayman, deb... Demak, yozganlarim va yoza olmayotganlarimni ham, albatta, O‘QIYSIZ! Ha, aytgancha, sezayapsizmi farzandimiz tez ulg‘ayapti... U har soniyada quvonch beradi, bu baxtiyorlikning aksini chehrangizdan topish katta saodat! Gohida, “Quyib qo‘ygandek o‘zim”, desangiz, “Yo‘g‘-ey, sizga shunday ko‘rinayotgandir”, deyman. Aslida uning har bir hatti harakatidan Sizni topaman... Gohida yozg‘iraman, nimalardandir nolib qolaman, bu Sizga nisbatan E’TIROZ emas, EHTIYoJ...

Ishoning, Sizni kamchiliklaringiz bilan qabul qilaman. Men IDEAL RAFIQA emasman, Siz ko‘rmagan, hali duch kelmagan kamchiliklarim bor... Yozganlarimni balki o‘qirsiz, ehtimol gaplarim xayolingizni bir burchiga ham kelmas... Uzoq, juda uzoq yillar yonimda bo‘ling, yoningizda bo‘lay. Sochlarimiz birga oqarsin, ko‘zlarimiz xiralashib, yuzlarimizga ajinlar tushganida ham xuddi bugungidek bir-birimiz uchun qadrli bo‘laylik. BORINGIZGA ShUKR!

Hurmat bilan RAFIQANGIZ


Manba: "darakchi.uz"
Категория: Mutoala sahifa | | Теги: bitgan, katta baxt, Kichik peshanam, Baxt | Рейтинг: 0.0/0

Copyright © Tarona.net Media 2014-2024 | Все права защищены | Реклама |
Мы не несём ответственности за содержание. | Права на фильмы принадлежат их авторам. Все фильмы представлены только для ознакомления. |
Администрация не несет ответственности за размещенные пользователями нелегальные материалы! Любой фильм будет удален по требованию правообладателя