16:27 “Jizzaxcha tenderlar-2”. Bir necha yuz mlrd so‘mlik loyihalarni viloyat hokimi o‘rinbosarining qarindoshlari qo‘lga kiritgani ma’lum bo‘ldi | |
Telegram’dagi “Davletovuz” kanali Davlat xaridlari portali ma’lumotlariga tayanib Jizzax viloyat hokimi Ergash Soliyevning qiziga tegishli kompaniya 2 milliard so‘mlik loyihalarni qo‘lga kiritganini ma’lum qilgan. Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi bu borada o‘rganishlar o‘tkazib, natijalari bo‘yicha OAV va keng jamoatchilikka batafsil ma’lumot berilishini bildirgandi. 26-dekabr kuni kanal “Jizzaxcha tenderlar-2” sarlavhali yangi surishtiruvni e’lon qildi. Unga ko‘ra, Jizzax viloyati hokimining sanoatni rivojlantirish, kapital qurilish, kommunikatsiyalar, kommunal xo‘jalik masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Rahmonqulov Akram Bahriddinovichning qarindoshlari ijtimoiy va boshqa soha obyektlarini qurish bo‘yicha bir necha yuz milliard so‘mlik davlat buyurtmalarini qo‘lga kiritgan. Qizig‘i, Akram Rahmonqulov o‘zi qarindoshlari yutgan tenderlarda komissiya raisi sifatida vakolatli shaxs bo‘lgan. Ochiq manbalardagi ma’lumotlar asosida o‘tkazilgan surishtiruvlar viloyatdagi aksariyat davlat buyurtmalari Akram Rahmonqulovning qarindoshlari deya taxmin qilinayotgan shaxslarga tegishli xususiy kompaniyalar o‘rtasidagi taqsimlab olingan bo‘lishi mumkinligini ko‘rsatgan.
Yuqorida qayd etilganidek, qurilish bo‘yicha ayrim tenderlarda Rahmonqulov Akram Bahriddinovich tender komissiyasi raisi bo‘lgan. Bundan tashqari, o‘zaro afillangan kompaniyalar bitta tenderda ishtirok etgan holatlar ham mavjud. Masalan, 21 milliard so‘mlik tenderda faqat “Abduvohid Qurilish Ta’mir” MChJ va “Qurilish Ta’minoti” MChJ ishtirok etgan. Viloyat bo‘yicha tasdiqlangan manzilli qurilish dasturlarida yuqoridagi kompaniyalar allaqachon ijrochi sifatida ham ko‘rsatib o‘tilgan holatlar mavjud. “Qurilish buyurtmalarida bevosita ishtirok etmasa-da, ‘Zenatkor Temir Beton Buyumlari’ MChJ hamda ‘Ravon Yo‘l Invest’ MChJ davlat budjetidan qurilayotgan inshootlarda ta’minotchilar sifatida ishtirok etayotgan bo‘lishi mumkin. Buni faqat nazorat organlari tekshiruvi orqali aniqlash mumkin, agar shunga xohish bo‘lsa, albatta”, — deyiladi xabarda. Avvalroq Andijonda davlat buyurtmalarini buyurtmachining o‘ziga tegishli kompaniyalar taqsimlab olgani ma’lum bo‘lgandi. Xususan, “Yagona buyurtmachi xizmati” IK rahbari Muhiddin Qodirov o‘ziga tegishli bo‘lgan Milano Biznes Servis MChJga qariyb 20 milliard so‘mlik qurilishga oid davlat buyurtmalarini olgan.
Manba: "daryo.uz"
| |
|