Главная » 2018 » Февраль » 2 » Befarzandlikka olib keluvchi dard
09:35

Befarzandlikka olib keluvchi dard


Toshkent shahrida istiqomat qiladigan bir ayol turmushga uzatgan qizining ikki yildan buyon farzandli bo‘la olmayotganidan tashvishga tushib, uni Toshkent tibbiyot akademiyasiga olib borgan. Tekshiruv va tahlillardan so‘ng qizning ona bo‘lishga jismoniy jihatdan ­tayyor emasligi ma’lum bo‘lgan.

— Tajribamizda bunday holatlar ko‘plab uchrab turadi, — deydi Toshkent tibbiyot akademiyasi 2-akusherlik ginekologiya kafedrasi shifokori Gulmira AHMEDOVA. — O‘z vaqtida shifokorga murojaat qilmagan qiz endi butun umr befarzand o‘tishi mumkin. Tibbiy savodsizlik, onaning beparvoligi shunday salbiy holatlarga sabab bo‘lmoqda. Ularning oldini olishda esa onaning zimmasidagi mas’uliyat juda katta. Bunga homilador bo‘lmasdan avvalroq tayyorgarlikni boshlash lozim. Biror kasallik bezovta qilsa, o‘z vaqtida davolatib, darmondori va minerallarga boy mahsulotlar iste’mol qilish juda muhim.

Farzand dunyoga kelgach, ayniqsa, u qiz bo‘lsa, go‘dakligidan tozalikka alohida ahamiyat qaratish kerak. Asta-sekin u ulg‘aya boshlagach, bu ko‘nikmani o‘ziga o‘rgatib borishga harakat qilish zarur. Bog‘cha va maktab yoshida turli kasalliklarning oldini olish, aniqlangan holatlarda to‘liq davolatish lozim. Bu bolaning tana a’zolarida turli infeksiya o‘choqlari paydo bo‘lishining oldini oladi. Qizlarni o‘n bir yoshdan boshlab ginekolog ko‘rigidan o‘tkazib, uning salomatligi doimiy nazoratda bo‘lishiga ahamiyat berish ham onaning birinchi galdagi vazifalaridan biri. Buning uchun ularning o‘rtasida o‘zaro yaqin va do‘stona munosabat o‘rnatilishi kerak.

Shifokorlarning ta’kidlashicha, o‘smirlik bo‘lajak ona salomatligida juda muhim davr hisoblanadi. Bu vaqtda yuz beradigan turli o‘zgarishlar sabab ko‘pgina qizlarda vazn ortishi kuzatiladi. Ayrimlar bu holatni noto‘g‘ri qabul qilib, parhez tutadi. Uning o‘zboshimchalik va noto‘g‘ri yo‘lga qo‘yilishi turli oshqozon-ichak kasalliklariga sabab bo‘lishi ehtimoli ancha yuqori. Bu muammoni yengib o‘tishda ko‘proq tabiiy sabzavot va mevalar iste’mol qilish hamda muntazam sport mashg‘ulotlari bilan shug‘ullanish tavsiya etiladi.

— Sog‘lom onani voyaga yetkazishda yilda bir marta kengaytirilgan tibbiy tekshiruvlardan o‘tib turishga alohida ahamiyat qaratish zarur, — deydi Tibbiyot fanlari nomzodi Gulnoza JO‘RAYEVA. — Buni go‘dak tug‘ilgandan boshlash kerak. Shifokorlar bolaning yoshiga nisbatan bo‘yi va vaznini tekshirib, rivojlanishda tengdoshlaridan ortda qolganda, maxsus davo choralarini qo‘llaydi. Qolaversa, ko‘riklar davomida ayrim tashqi belgilarsiz kechadigan xastaliklarni erta muddatda aniqlash imkoni mavjud. Ayrim hollarda kasallik o‘z vaqtida davolanmasa, farzand ko‘rolmaslik ehtimoli yuqori bo‘ladi.

Bo‘lajak onaning ko‘rik vaqtida tish shifokori qabulida bo‘lib, tish kasalliklarini davolatishi keyinchalik boshqa a’zolarda infeksiya o‘choqlari paydo bo‘lishining oldini oladi. Endokrinolog esa unda yod tanqisligi bor yoki yo‘qligini aniqlab, kerakli davo choralarini ko‘radi. Bu bo‘lajak onaning salomatligida juda muhim sanaladi.

Homiladorlikda salbiy asoratlarni namoyon qilish ehtimoli yuqori bo‘lgan oshqozon-ichak, buyrak va jigar xastaliklarining oldini olishga ham alohida e’tibor talab etiladi. Birgina yuqori nafas yo‘llarining yallig‘lanishi (tonzillit) boshqa a’zolarning surunkali yallig‘lanishga sabab bo‘ladi.

Qizining sog‘lom farzand ko‘rishida ona uning jismoniy salomatligi bilan birga ruhiy tayyorgarligiga ham alohida e’tibor berishi talab etiladi. Yangi muhitda yashashga tayyor bo‘lmagan kelinda tushkunlik va asabiylashish holatlari yuz beradi. Bu undagi qon bosimining ortishiga, tabiiyki, homilaga ham salbiy ta’sir ko‘rsatadi.

Shahnoza RAHIMXO‘JAYEVA,
«Oila davrasida» muxbiri


Manba: "mulohaza.uz"
Категория: Er-Xotin, Turmush psixologiyasi | | Теги: DARD, olib keluvchi, Befarzandlik | Рейтинг: 0.0/0

Copyright © Tarona.net Media 2014-2024 | Все права защищены | Реклама |
Мы не несём ответственности за содержание. | Права на фильмы принадлежат их авторам. Все фильмы представлены только для ознакомления. |
Администрация не несет ответственности за размещенные пользователями нелегальные материалы! Любой фильм будет удален по требованию правообладателя