Главная » 2022 » Август » 3 » Barselona” inqirozdan chiqish uchun «iqtisodiy dastak”ni ishga solmoqda: bu nima va qancha pul olib keladi?
19:35

Barselona” inqirozdan chiqish uchun «iqtisodiy dastak”ni ishga solmoqda: bu nima va qancha pul olib keladi?


«Barselona” moliyaviy inqirozdan chiqish yo‘llarini izlamoqda. Klub yozgi transfer bozorida faol ishladi, ammo yangi kelgan futbolchilar hali La Liga ro‘yxatidan o‘tkazilmadi. Prezident Joan Laporta «iqtisodiy dastaklar” orqali pul topish va La Liga talabini qondirishga harakat qilyapti.

«Barselona” bu yil yozda iqtisodiy muammolarini hal qilishga kirishdi. Klub prezidenti Joan Laporta bu «iqtisodiy dastaklar” orqali amalga oshirilishini aytib kelmoqda. 1 avgust kuni u uchinchi iqtisodiy dastak ishga tushirilgani va Barca Studios (audiovizual bo‘lim) sotilishini eʼlon qildi.

Xaridor – Chillz kriptovalyuta startapi asoschilari tomonidan ishga tushirilgan Socios.com saydcheyn-platformasi. Kompaniya NFT va tokenlarni sotishga ixtisoslashgan.

Socios Yevropa futbol klublari bilan hamkorlik qiladi. Masalan, fanatlar uchun mo‘ljallangan tokenlarning reklamasi «Inter” futbolkalaridan Pirelli reklamasini siqib chiqardi. Noyabr oyida Socios «Barselona” bilan ham shartnoma imzoladi – klub futbolkalari yengida kompaniya reklamasi paydo bo‘ladi.

«Barselona” Barca Studios bo‘limining 24,5 foizini 100 million yevroga sotmoqda. Bu shunchaki xarid emas, balki o‘zaro manfaatli sarmoya. Socios bilan hamkorlik tufayli Barselona blokcheyn va NFT bozorida tezroq rivojlanishni rejalashtirmoqda.

Uchinchi dastak tufayli «Barsa” yangi kelganlarni ro‘yxatdan o‘tkazmoqchi. Lekin bu aniq emas

Barca Studios bo‘limining bir qismi sotilgach, klub barcha yangi kelganlar: Levandovski, Kessie, Kunde, Kristensen, Rafinya, Pablo Torre hamda shartnomasi uzaytirilgan Usmon Dembele va Serxi Robertoni ro‘yxatdan o‘tkazishni rejalashtirmoqda. Hozircha La Liganing moliyaviy cheklovlari bunga xalaqit beryapti.

Lekin, hatto Laportaning o‘zi ham yangi kelganlarni ro‘yxatga olish shartlari bajarilganiga ishonchi komil emas:

«Moliyaviy feyr-pley (MFP) qoidalarini talqin qilish – oson ish emas. Raqiblarimiz undan o‘z maqsadlari uchun foydalanishadi. Umid qilamanki, MFP haqidagi tushunchamiz La Liga rahbariyatiniki bilan bir xil va biz yangi kelganlarni ro‘yxatdan o‘tkaza olamiz. Agar natija bermasa, boshqa yechim izlaymiz”.

«Barselona” prezidenti klubning transfer kampaniyasi hali yakunlanmaganiga shama qildi. Lekin birinchi navbatda keraksiz futbolchilardan qutulish kerak.

Dastaklar nima? Dastlabkilari – televideniye huquqlaridan olinadigan daromadlarni sotish

Barca Studios ulushini sotish – «Barselona” iqtisodiy vaziyatni to‘g‘rilash uchun ishlatayotgan uchinchi iqtisodiy vositadir. Avvalgilari qanday bo‘lgan?

• Birinchi dastak. Amerikaning Sixth Street investitsiya kompaniyasiga 25 yil davomida (2047 yilgacha) televizion huquqlardan olinadigan daromadning 10 foizini sotish. Bitim summasi 267 million yevroni tashkil qiladi.

• Ikkinchi dastak. Xuddi shu Sixth Street investitsiya kompaniyasiga daromadning yana 15 foizini sotish. Buning uchun «Barselona” 315 dan 400 million yevrogacha oladi.

Ikkita bitim klub g‘aznasiga kamida 582 million yevro keltirdi (Mundo Deportivo va Laportaning o‘zi 667 million haqida gapirdi), lekin 25 yil davomida TV huquqlardan olinadigan daromadlarning bir qismidan mahrum qildi. Buning uchun klub prezidenti tanqidlar ostida qoldi. Asosiy xatar shundaki, kreditor kompaniyalar qarzi uchun klubdagi ulushni tortib olishi mumkin.

Ammo bu bitimlar «Barselona”ga La Liga va CVC kompaniyasi bilan shartnoma imzolashdan voz kechish imkoniyatini berdi. Agar imzolanganida, «Barsa” 50 yil davomida TV huquqlarning 10 foizidan ajralgan bo‘lar edi. Aynan muddatning juda katta ekani kataloniyaliklarning eʼtiroziga sabab bo‘ldi.

Laporta «iqtisodiy dastaklar” yomon, ammo majburiy usul ekanini tan oladi. Klub qarzga botib ketgan, 2021 yilgi moliyaviy hisobotda bu ko‘rsatkich 1,35 milliard yevroni tashkil qiladi. Shu sababli zudlik bilan nimadir qilishga to‘g‘ri kelgan:

«Biz sotgan aktivlar foizi uzoq muddatli moliyaviy holat uchun ham, klubning egalik modeli uchun ham xavfli emas. Men prezident ekanman, «Barsa” sociosga tegishli bo‘ladi, bunga kafolat beraman.

To‘g‘ri, men TV huquqlarini sotmoqchi emasdim, lekin vaziyat bizni shunday qilishga majburladi. Biz qaror qabul qilishda qatʼiyatli bo‘lishimiz kerak edi, chunki futbol kutib turmaydi. Muxlislarimiz «Barsa”ning yuqori saviyadagi raqobatini ko‘rishga haqli”.

Uchinchi dastak so‘nggisi bo‘lishi dargumon. «Barsa” yana bir sotuvga tayyorlanmoqda

Laporta iqtisodiy dastaklarning to‘rttasini rejalashtirgan.

Yoz boshida klub aʼzolari yig‘ilishi Barca Licensing and Merchandising (BLM) bo‘limining 49 foizini sotishni maʼqulladi. Ushbu bo‘lim futbolkalar, krujkalar va boshqa esdalik sovg‘alarini sotishga litsenziya berish bilan shug‘ullanadi.

«Barselona”ning moliyaviy direktori Eduard Romeu klub 270 million yevrolik taklifga rozi bo‘lmaganini aytdi – ular ko‘proq narsani xohlashdi.

Ammo Mundo Deportivo xabariga ko‘ra, ikkinchi iqtisodiy dastak ishga tushirilganidan so‘ng, BLM savdosi to‘xtatilgan. Demak, asosiy variant – Barca Studios ulushining yana 24,5 foizini sotish. Bu «Barselona”ga BLM ustidan nazoratni saqlab qolish va qo‘shimcha sarmoya jalb qilish imkonini beradi. Taxminlarga ko‘ra, bu ulush o‘sha Socios kompaniyasiga emas, balki boshqa investorga sotiladi.

To‘rtta dastak birgalikda klubga 887 million yevro keltirishi kutilmoqda – jiddiy daromad. Buning evaziga Laporta «Barselona”ning moliyaviy ahvolini to‘g‘rilashga va La Liga talablarini qondirishga umid qilmoqda.

Manba: "kun.uz"
Категория: Sport olami | | Теги: ”ni, VA, olib, qancha, dastak, ” inqirozdan, bu, chiqish, Pul, keladi?, solmoqda, Uchun, Ishga, «iqtisodiy, NIMA, barselona | Рейтинг: 0.0/0

Copyright © Tarona.net Media 2014-2022 | Все права защищены | Реклама |
Мы не несём ответственности за содержание. | Права на фильмы принадлежат их авторам. Все фильмы представлены только для ознакомления. |
Администрация не несет ответственности за размещенные пользователями нелегальные материалы! Любой фильм будет удален по требованию правообладателя

Создать бесплатный сайт с uCoz