Главная » 2021 » Сентябрь » 27 » 1-oktyabrdan nimalar o‘zgaradi?
09:29

1-oktyabrdan nimalar o‘zgaradi?


2021-yil 1-oktyabrdan kuchga kiradigan milliy qonunchilikdagi asosiy o‘zgarishlar haqida norma.uz sharhi taqdim etildi.

Soliq stavkalari o‘zgaradi 

  • Ayrim ishlab chiqariladigan alkogol va tamaki mahsulotlari turlariga soliq stavkalari oshiriladi. Tafsilotlar tegishincha bu yerda va bu yerda;
  • sement (klinker) ishlab chiqaruvchilar uchun foyda solig‘ining stavkasi 20 dan 15%gacha pasaytiriladi.

 QQS summalarini hisobga olishning yangi tartibi joriy etiladi

 Eksport qilinadigan tovarlar ishlab chiqaruvchisi O‘zbekistondagi bank hisobvarag‘iga chet el valyutasi tushumi kelib tushishidan qat’i nazar kiruvchi QQSni hicobga olishi mumkin.

Yangi soliq va ma’muriy yengilliklar

 Quyidagilar bekor qilinadi:

  • qat’iy belgilangan miqdordagi JShDS to‘lovchisi bo‘lgan yakka tartibdagi tadbirkorlar tomonidan soliq organlariga soliq hisobotini topshirish majburiyati;
  • alohida tayyor import iste’mol tovarlarining bojxona deklaratsiyasi rasmiylashtirilgan sanadan keyin 12 oy o‘tgach sotuvga qo‘yilishi hamda chakana savdoda realizatsiya qilinishiga qo‘yilgan taqiq;
  • davlat boshqaruvi organlari va mahalliy davlat hokimiyati organlarining bir qator nazorat funksiyalari.   

 Eksportni qo‘llab-quvvatlash 

  • Eksportni rag‘batlantirish agentligi yillik eksport hajmi $20 mln dan oshgan korxonalarga bir martalik moliyaviy resurslar $5 mln  gacha miqdorda taqdim etishni boshlaydi. Resurslar eksport bilan bog‘liq savdo operatsiyalari va eksportoldi moliyalashtirish kreditlari uchun tijorat banklari orqali bir yilgacha muddatga taqdim etiladi;
  • oxirgi 12 oy davomida $1 mln  dan ortiq tayyor to‘qimachilik mahsulotlarini eksport qilgan korxonalar asosiy va yordamchi ishlab chiqarishi uchun butlovchi buyumlar, xom ashyo va materiallar olib kirishda bojxona to‘lovlarini to‘lash bo‘yicha foiz hisoblanmagan hamda ularning to‘lanishini ta’minlash talab etilmagan holda 120 kunga to‘lovni kechiktirish (bo‘lib-bo‘lib to‘lash) imkoniyatiga ega bo‘lishdi;
  • yuqori sifat va nazorat tizimiga ega mamlakatlardan sertifikatlangan va deklaratsiyalangan asbob-uskuna, butlovchi qismlar, xom ashyo, o‘lchov vositalari, kimyoviy reagentlar, ko‘tarish moslamalari va transport vositalari importida milliy sertifikat olish talabi bekor qilinadi. 

Bojxona sohasida yangiliklar 

  • DBQning Toshkent, Sirdaryo, Qashqadaryo va Xorazm viloyatlari bo‘yicha boshqarmalarida toifadan tashqari maqomga ega bo‘lgan masofaviy elektron deklaratsiyalash bojxona postlari ochiladi. Ular TIF ishtirokchilari tomonidan taqdim etilgan elektron BYuDning masofaviy bojxona rasmiylashtiruvini amalga oshiradi;
  • chegara bojxona postlaridagi inspeksion ko‘rik majmualari (rentgen) bilan ishlash guruhlari xodimlariga zararli mehnat sharoitlari uchun Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan lavozim maoshining 40%i miqdorida har oylik ustama beriladi.

 Sudyalarga - davlat budjetidan qo‘shimcha haq 

Respublika budjeti mablag‘lari hisobidan quyidagi to‘lovlar amalga oshiriladi:

  • sudlar, Sudyalar oliy kengashi sudyalari, Oliy sud huzuridagi Sudlar faoliyatini ta’minlash departamenti va uning hududiy bo‘limlari xodimlarining ko‘p yillik xizmatlari uchun ustamalar;
  • Oliy sud, Sudyalar oliy kengashi sudyalari va apparatlari xodimlari, Oliy sud huzuridagi Sudlar faoliyatini ta’minlash departamenti va uning hududiy bo‘limlari xodimlarining malaka darajasi va mansab darajasi uchun qo‘shimcha haq.

 KKUni uning quruvchisi boshqaradi 

Qurilishi tugallangan va foydalanishga qabul qilingan ko‘p kvartirali uy-joyni boshqarish birinchi ikki yilda uning quruvchisi zimmasiga yuklanadi, mazkur muddatga uy-joydan foydalanishning kafolat muddati joriy qilinadi.

 Yuridik xizmatlar — davlat darajasida 

  • Butun respublika bo‘yicha Qoraqalpog‘iston Adliya vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar adliya boshqarmalari huzurida Yuridik xizmat ko‘rsatish markazlari tashkil etiladi;
  • Davlat budjetidan moliyalashtiriladigan ayrim davlat organlari va tashkilotlarining tuman (shahar) bo‘linmalarida 1 182 ta yuridik xizmatlar shtat birliklari qisqartiriladi. Bo‘shatilayotgan shtat birliklari hisobidan Markazlar faoliyatini tashkil etish uchun 1 056 ta shtat birliklari ajratiladi;
  • «Ye-huquqshunos» elektron tizimi bosqichma-bosqich joriy etiladi. U davlat tashkilotlariga yuridik xizmat ko‘rsatish bilan bog‘liq barcha ma’lumot va jarayonlarni to‘liq elektron ravishda yig‘ish, qayta ishlash, tahlil qilish va amalga oshirish imkonini beradi. 

Korrupsiya ustidan qo‘shimcha nazorat 

Barcha davlat tashkilotlari, shu jumladan Qoraqalpog‘iston Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarida korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmalari tashkil etiladi. Ularning vazifalari jumlasiga quyidagilar kiradi:

  • korrupsiya holatlarini barvaqt aniqlash va oldini olish;
  • ularning sabab va shart-sharoitlarini bartaraf etish;
  • manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘ymaslik; 
  • korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish. 

Davlat organlari o‘z ishi to‘g‘risida hisobot beradi 

Hisob palatasi, Moliya vazirligi va ichki audit xizmatlari har chorakda kamida bir marotaba OAV vakillari ishtirokida o‘z faoliyatiga oid hisobotlarni jamoatchilikka e’lon qilib boradi

Jamoat tartibi xususiy nazorat ostida 

Mahallalarda eksperiment tariqasida jamoatchilik nazorati maskanlari negizida elektron kuzatuv maskanlari faoliyati tashkil etiladi

Investitsiya loyihalarini qo‘llab-quvvatlash 

Investorning qiymati 200 mlrd so‘mdan oshadigan, uning o‘z mablag‘lari ulushi 25%dan kam bo‘lmagan loyihalari zarur tashqi muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari bilan Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan ta’minlanadi

Iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar 

  • Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi, ish beruvchi va yosh mutaxassis bilan 3 yilgacha bo‘lgan muddatga tuzilgan shartnoma asosida yosh mutaxassisning lavozim maoshiga qo‘shimcha ravishda har oy to‘lab boriladi. Shartlar quyidagicha: yosh mutaxassis davlat organlari, tashkilot va muassasalarida faoliyat ko‘rsatatishi, nufuzli xalqaro reyting tashkilotlarining yuqori 500 talik ro‘yxatiga kiritilgan xorijiy OTMning bakalavr va magistr darajasiga yoki ilmiy darajaga (PhD va unga tenglashtirilgan boshqa ilmiy daraja) ega bo‘lishi kerak;
  • yoshlarning «Biznesga birinchi qadam» startap g‘oyalari tanlovlari tashkil etiladi. Har bir tuman va shaharda kamida uch nafardan g‘olibga grantlar beriladi. Eng yaxshi loyihalarning har biri uchun 200 BHMgacha grant mablag‘lari beriladi;
  • har yili «Bolalar va yoshlar uchun eng yaxshi kitob» tanlovi tashkil etiladi. Mualliflar — tanlov g‘oliblari 50 mlndan 100 mln so‘mgacha miqdorda mukofot oladilar. 

Elektron onlayn-auksionlarni o‘tkazishning yangi qoidalari 

Auksion natijalari bo‘yicha pul mablag‘lari «Elektron onlayn-auksionlarni tashkil etish markazi» DUKning maxsus hisobraqamida yig‘iladi va auksion g‘olibi tomonidan ob’yekt qabul qilinganligi tasdiqlangandan so‘ng, ular buyurtmachi hisobraqamiga o‘tkaziladi. 

Imtiyoz oluvchilar davolashni yangi sxema bo‘yicha oladilar 

  • Davlat tibbiyot muassasalarida (keyingi o‘rinlarda – tibbiyot muassasalari) Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan imtiyoz oluvchilarga kvota asosida order berish tartibi bekor qilinadi. Ularni hisobga olish va navbat asosida davolanishga yo‘llashning elektron axborot tizimi joriy etiladi;
  • Davlat budjetidan ajratilgan mablag‘lar doirasida ixtisoslashtirilgan muassasalarni Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi bilan tuzilgan shartnomalar asosida bazaviy narxlarda moliyalashtirish mexanizmi joriy etiladi;
  • ixtisoslashtirilgan muassasalar rasmiy veb-saytlarida bo‘limlar kesimida mavjud o‘rinlar soni, shu jumladan, bo‘sh o‘rinlar soni, ko‘rsatiladigan tibbiy xizmatlar turlari va narxlari joylashtiradi va muntazam yangilab boradi. 

Kam ta’minlangan  shaxslar to‘g‘risida ma’lumotlar idoralararo darajada almashinadi 

“Ijtimoiy himoya yagona reyestri” AT orqali kam ta’minlangan deb e’tirof etilgan oilalar va shaxslar to‘g‘risidagi ma’lumotlar manfaatdor vazirlik va idoralarga “Elektron hukumat” tizimi idoralararo integratsiyalashuv platformasi orqali taqdim etiladi

Agrosanoat elektron portalni ochadi 

Elektron agrosanoat bozori portali test rejimida ishga tushiriladi. Unda qishloq xo‘jaligi va asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlari qoldiqlari to‘g‘risida ma’lumot aks ettiriladi, ularning narxini kuzatib borish hamda tovarlarni onlayn sotish imkoni bo‘ladi.


Manba: "xabar.uz"
Категория: Mahalliy Habarlar | | Теги: 1-oktyabrdan, o‘zgaradi | Рейтинг: 0.0/0

Copyright © Tarona.net Media 2014-2024 | Все права защищены | Реклама |
Мы не несём ответственности за содержание. | Права на фильмы принадлежат их авторам. Все фильмы представлены только для ознакомления. |
Администрация не несет ответственности за размещенные пользователями нелегальные материалы! Любой фильм будет удален по требованию правообладателя